Siyosiy partiyalarga saylovlarda qatnashishiga ijozat berildi

0
203
marta koʻrilgan.

2019 yil 15 oktyabr kuni soat 11.00 da Xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yigʻilishi videoselektor tarzida boʻlib oʻtdi.

Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, OAV xodimlari ishtirok etgan yigʻilish kun tartibiga “Siyosiy partiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida qatnashishiga ijozat berish toʻgʻrisida”, “Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha harajatlar smetasi toʻgʻrisida”, “Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqida”, “Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Radjapovning vakolatini muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida”gi toʻrtta masala kiritilgan.

Avval xabar berilganidek, 2019 yil 10 oktyabrdan boshlab mamlakat siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya vakolatli vakillari tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga Saylovchilar tomonidan siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini qoʻllab quvvatlovchi imzolari qoʻyilgan imzo varaqalari taqdim etildi.

11-14 oktyabr kunlari imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirish uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuzilgan tarkibiga MSKning doimiy asosda ishlovchi aʼzolari ichki ishlar va adliya organlarining xatshunos ekspertlari, mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etilgan Ekspert guruhi teshkshirib chiqib, ijobiy xulosa berdi. Ushbu jarayonda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham qatnashdilar.

Bugungi yigʻilishda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Ekspert guruhining ijobiy xulosalariga muvofiq “Siyosiy partiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida qatnashishiga ijozat berish toʻgʻrisida” qaror qabul qilindi.

Kun tartibidagi ikkinchi masala ham qizgʻin muhokamalar asosida oʻtdi, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir xarajatlar smetasi tasdiqlandi. Unga koʻra siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining bir nomzod hisobiga toʻgʻri keladigan miqdori quyidagicha belgilangan:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod uchun – 10 832 000 (oʻn million sakkiz yuz oʻttiz ikki ming) soʻm;

Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod uchun – 2 000 000 (ikki million) soʻm;

Xalq deputatlari tuman va shahar kengashi deputatligiga nomzod uchun – 1 000 000 (bir million) soʻm.

Oldingi saylovlarda Xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar uchun mablagʻ ajratilmagan. Bu yilgi Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar – shiori ostida yuqori saviyada tashkil etilgan saylovlarda Xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar uchun ham byudjet mablagʻlarining ajratilishi, nafaqat Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga, balki, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatligiga ham saylovlar jarayoni, nomzodlar oʻrtasidagi debatlar, siyosiy partiyalararo sogʻlom raqobat va har bir deputatlik oʻrni uchun kurash qizgʻin kechishidan dalolatdir.

Kun tartibidan oʻrin olgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Yigʻilish soʻngida soat 12.00 dan -12.30 ga qadar toʻgʻridan-toʻgʻri efirda MSK raisining kun tartibidagi masalalar yuzasidan brifingi boʻlib oʻtdi va brifing soʻngida beshta siyosiy partiya vakolatli vakillariga (partiya raisi oʻrinbosarlariga) Markaziy saylov komissiyasining “Siyosiy partiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida qatnashishiga ijozat berish toʻgʻrisida”gi qarori tantanali ravishda topshiriladi. Shundan soʻng beshta siyosiy partiya vakolatli vakillari bilan OAV vakillari oʻrtasida savol-javob tariqasida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.