Davlatimiz rahbari 2018 yil 9 fevral kuni Olmazor tumanida boʻlib, kanallar boʻyini obodonlashtirish, aholining dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugun bu yerda koʻrkam madaniyat va maʼrifat maskani bunyod boʻldi. «Damashi» kanalining 2,5 kilometr qismi qirgʻoqlari betonlashtirilib, «Soy boʻyi» sayilgohi barpo etildi. Mamlakatimiz va jahondagi mashhur obidalar maketlari oʻrnatildi. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan kafe va restoranlar, kovorking markazi, fitnes klubi va boshqa obyektlar tashkil qilindi.
Prezidentimiz kovorking markazi va undagi tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Abdulla Qodiriy va Choʻlpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar maskani ham avvalgi tashrifning amaliy natijalaridir.
Kutubxona boy kitob fondi va axborot texnologiyalari bilan taʼminlangan. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bilan elektron tarzda bogʻlangan.
Nuroniylar maskanida faxriylar oʻz vaqtini mazmunli oʻtkazishi, salomatligini mustahkamlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Davlatimiz rahbari mazkur kutubxonalar va Nuroniylar maskanini koʻzdan kechirdi. Mahalliy aholi vakillari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.
Shu yerda mahallalarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash tizimi haqida maʼlumot berildi. Prezidentimiz bu tizimni Toshkent shahrining barcha tumanlarida joriy qilish, jinoyatchilikning oldini olishda ilm va tahlil asosida ishlash zarurligini taʼkidladi.