Ayni yoz, harorat baland. Bunday kezlarda inson salqin va soʻlim joylarni, tabiat qoʻynidagi koʻllarni, hovuzlarni istab qoladi. Albatta, Chorvoqdek xushmanzara tabiat qoʻyniga chiqishga barchaning imkoniyati boʻlavermaydi. Mamlakatimiz poytaxtida soʻlim maskanlar, jahon talablariga mos yopiq hovuzlar juda koʻp. Maktablarda, kollejlarda, sport komplekslarida, sogʻlomlashtirish majmualaridagi shart-sharoitlarni, imkoniyatlarni koʻrib havasing keladi. Yana shunisi quvonarliki, Toshkent shahridagi har bir tumanda oʻquvchilar uchun maxsus hovuzlar tashkil qilingan. Yoz paytida u yerga oʻquvchilar yoʻllanma bilan kelib, boʻsh vaqtlarini koʻngilli oʻtkazishadi. Biroq oilaviy boradigan, ona va bolalar birga dam oladigan tabiat qoʻynidagi maskanlar deyarli yoʻq.
Toshkent shahrining Beshyogʻoch dahasidagi madanyat va istirohat bogʻida “Yoshlar” koʻli azal-azaldan mavjud boʻlgan. Yoz kezlarida soʻlim sohil bagʻri bolajonlarning yangroq qoʻshiqlari, quvnoq ovozlariga toʻla boʻlardi. Ayni kunda bu yerda taʼmirlash ishlari ikki yildan buyon davom etyapti.
Eng asosiysi ushbu sohilda bolali onalar uchun maxsus choʻmilish maydonchasi mavjud edi. Bolalarga atalgan maydoncha bayroqchalar bilan ajratib, bezatib qoʻyilgandi. Bu onalarni ehtiyot boʻlishidan ogohlantiruvchi belgi boʻlib, u yerda onalar bolalari bilan bexavotir choʻmilishardi. Bir yoshli bola ham qumlar ustida miriqib oʻynayotganini kuzatib xursand boʻlardik. Yoz gashtini surayotgan bolalarning begʻubor oʻyinlari kishiga zavq-shavq bagʻishlardi.
Chor-atrofda esa choʻmilish kiyim-kechaklari, suzishga yordam beradigan turli xildagi shishirilgan rezinali oʻyinchoqlar sotilardi. Salqin ichimliklar ham yoʻq emas edi. Shuningdek, bu yerda uyidan noz-neʼmatlarni olib kelib tamaddi qilib oʻtiruvchilar uchun ham imkoniyatlar yaratilgandi. Stol va stullar qoʻyilgandi. Har joy- har joyda favvoradek otilib turgan salqin tabiiy ichimlik suvlari ham jonga huzur bagʻishlab turardi. Choʻmilish kiyimini almashtiradigan maxsus joylar va dushlar, hojatxonalar tashkil etilgan edi. Bular bari tahsinga loyiq. U yerga kirish pulli boʻlgani uchunmi har holda tartib bor edi.
Toshkent shahri aholisiga huzur bagʻishlaydigan issiq taftidan qochib boradigan joylardan yana biri shaharni ikkiga boʻlib oquvchi xushmanzara anhor boʻylari boʻlib, sohil hamisha gavjum boʻladi. Ayniqsa, keyingi yillarda anhor boʻylari yanada obodonlashtirildi. Masalan, Oʻrdadan Beshyogʻoch dahasigacha boʻlgan sohillari qaytadan yanada koʻkalamzorlashtirildi. Bir paytlar jarlikdan iborat boʻlgan sohil tartibga keltirildi. U yerni kuzatib turib Kislovodskning xushmanzara joylaridanda goʻzal degim keladi. U yerda piyoda yurib sogʻlikni mustahkamlash imkoniyati bor. Shu bilan birga xushmanzara joylardan bahramand boʻlib kayfiyatingiz koʻtariladi. Eng asosiysi bu yerda shaharliklar uzoq-uzoqlardan kelib badantarbiya mashqlarini bajarayotganini kuzatib, sogʻlom turmush tarziga rioya qilib yashayotgan hamshaharlarliklarga imkoniyat yaratilganidan xursand boʻlasiz. Zero, sanatoriylarda maxsus sogʻlamlashtirish maydonchalari boʻladi. Ana shu talablarga javob beradi. Bu muolajalar ham tibbiyotdagi davolovchi muolajalarning biri, albatta.
Biroq, anhor boʻylarida xavfli joylarda choʻmilib yurgan, dam olib oʻtirganlarni ham kuzatish mumkin. Masalan, anhorning Beshyogʻochga yaqin joyida gidroelektr stansiya bor. U shahrimizning baʼzi joylarini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi. Uning yonida tabiiyki, girdob ham yoʻq emas. Bu yerda koʻngilsiz hodisalar boʻlganligini ham koʻrganmiz. Ana shu yer stansiyaning yonginasi kattalar-u oʻsmirlar choʻmiladigan maskanga aylangan edi. Bu yilgi koʻngilsiz voqeadan keyin anhor boʻylariga panjara qoʻyildi. Choʻmilish taqiqlandi. Ayni muddao boʻldi. Chunki, undan sal narida esa bolalar maydonchasi boʻlib, yarim yalongʻoch odamlar oldida bolalarini oʻynatib yurish ham noqulay edi.
Lekin choʻmilishni istovchilarni uchun ham shart-sharoitlar yaratib berish lozim. Buning uchun mamlakatimiz poytaxtiga salqinlik baxsh etib turgan anhorning boʻylarida bir paytlar “Yoshlar” koʻlida tashkil qilinganidek maxsus choʻmilish maydonchalari bunyod etilsa maqsadga muvofiq boʻlardi.
Masalan, Milliy bogʻ yonidan oqib oʻtuvchi anhorning sohillari betonlashtirib tartibga keltirilgan. Mazkur sohil ona va bolalar uchun choʻmilish sohilchasi tashkil etilishiga juda qulay. Yoki, anhorning Oqtepa mavzesidan oqib oʻtuvchi sohillarida ham ommaviy dam olib, choʻmilishni tashkil etishga mos joylar mavjud. Unday joylarni anhor boʻylaridan izlansa istagancha topiladi.
Toshkent shahrini teng ikkiga boʻlib oqib oʻtuvchi anhor boʻylarining tabiati goʻyo musiqadek ohangraboli! Ohanglari dillarga huzur bagʻishlaydi. Biroq, suv boʻyiga qurilgan choyxona, oshxonalarni aytmasangiz bu yerda insonga yaratilgan tabiat bilan uygʻunlashgan oromgoh -sohillar juda kam.
Inson baxtli hayot kechirish uchun dunyoga keladi. Baxtli hayot asosida esa tabiat yotadi. Inson tabiatga nisbatan komil goʻdakday, goʻdak esa ona bogʻriga hamisha intiladi. Zero, inson asli tabiat mahsuli, tabiatning bir boʻlagi! Borliqning jamiki goʻzalliklari ham inson uchun yaratilgan. Goʻzal tabiat, soʻlim maskanlar salomatlik manbai, ruhiyatga osoyishtalik bagʻshida etadi. Dillarga huzur bagʻishlab, kayfiyatni koʻtaradi. Bu esa sogʻlomlik garovidir. Ruhan va jismonan sogʻlom kishi esa el tayanchidir.
Raʼno ZARIPOVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist