SOLIQCHI VA TADBIRKOR — ULAR BUGUN MASLAKDOSH

0
146
marta koʻrilgan.

Mamlakatdagi mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish maqsadida, shuningdek, keng jamoatchilik muhokamasi natijalari hamda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki va xalqaro ekspertlarning tavsiyalaridan kelib chiqib, shu yilning 29 iyun kuni Prezidentimiz tomonidan «Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida»gi farmon imzolandi. Keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama etilgan va bugungi kunda yuridik kuchga ega boʻlgan mazkur Konsepsiyaga asosan soliq sohasida qator yangiliklar joriy etilmoqda. Shulardan biri oʻtgan yil yakunlari boʻyicha yillik aylanmasi bir milliard soʻmdan oshgan yoki joriy yil davomida ushbu belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarning umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtkazilishidir.

Hozirda Xorazm viloyatida yuridik shaxs maqomida faoliyat koʻrsatayotgan 19762 ta korxona mavjud boʻlib, joriy yilning 9 oylik yakunlariga koʻra, ulardan 676 tasining tovar aylanmasi 1 milliarddan oshgan. Demak, soliq islohotlari Konsepsiyasiga binoan umumbelgilangan soliqlarni toʻlovchilar soni yanada ortadi. Aniqrogʻi, 2018 yil yakuniga koʻra, ularning soni 1200 taga yetishi kutilmoqda.

Buni inobatga olgan soliq idoralari xodimlari tomonidan allaqachon umumbelgilangan tartibda soliqlarni toʻlashga oʻtayotgan 676 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlar roʻyxati  shakllantirildi va oʻz navbatida ularning «shaxsiy kabineti»ga xabarnomalar joʻnatildi.

Shuningdek, soliq toʻlovchilarga soliq islohotlarini targʻib qilish maqsadida har bir shahar va tumanlardagi roʻyxati shakllantirilgan korxonalarning rahbar va hisobchilari taklif etilib, DSQ Malaka oshirish markazi Xorazm boʻlimi mutaxassislari tomonidan maxsus oʻquv mashgʻulotlari boshlab yuborildi. Bundan tashqari, «Soliq-servis» davlat unitar korxonasi masʼul xodimlari viloyatda faoliyat yuritayotgan 150 ta korxona rahbarlari va buxgalterlariga  elektron hisob-fakturalarini yuritish qoidalari borasida tushuntirish berishdi. Eʼtiborlisi, umumbelgilangan soliq toʻlashga oʻtayotgan har bir korxonaga hududiy davlat soliq xizmati organlarining xodimlari biriktirildi.

Ruslan PIRNAZAROV,

Xorazm viloyati DSB boʻlim boshligʻi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.