Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 13 fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Har bir ota-ona, har bir millatning niyati – jismoniy va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bunga esa jismoniy tarbiya va sportsiz erishib boʻlmaydi. Sport sogʻlom xalq, sogʻlom avlodning tayanch ustunidir.
Shu bois davlatimiz tomonidan bu sohaga katta eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi toʻrt yilda byudjetdan sportga ajratilayotgan mablagʻ 1,5 trillion soʻmdan 3 trillion soʻmga oshdi. Murabbiylarning oʻrtacha maoshi 2 barobar koʻpaydi. 101 ta yirik sport inshootlari qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi. Sportchilarimizning Parij Olimpiadasida erishgan yutuqlari bu eʼtiborning yorqin natijalari boʻldi.
Endi 2028 yilda Los-Anjelesda boʻladigan Olimpiya oʻyinlarida kuchli oʻntalikka kirish maqsad qilingan. Buning uchun tayyorgarlikni kuchaytirish, sport federatsiyalarini rivojlantirish zarur.
Yigʻilishda bu masalalar 26 ta sport federatsiyasi va hududlar kesimida tahlil qilindi.
Masalan, soʻnggi Olimpiya oʻyinlarida 48 ta dastur boʻlgan yengil atletika boʻyicha 5 ta, 49 ta suv sporti dasturidan 4 ta litsenziya olingan, xolos. Qoraqalpogʻiston, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va sirdaryolik sportchilar past natija koʻrsatgan.
Shu bois iqtidorli yoshlarni topish, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni va murabbiylarni ragʻbatlantirish boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Davlatimiz rahbari bu boradagi qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini yaxshilash maqsadida Olimpiya qoʻmitasining hududiy boʻlimlari tashkil etiladi. Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Prezident boʻlganidek, hududiy boʻlimlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.
Ular har bir federatsiya bilan birga, Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik davri boʻyicha strategiya ishlab chiqadi. Buning uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, chet eldan ilgʻor tajribalar, grantlar jalb qilish choralari koʻriladi. Sportchi va murabbiylar xorijiy sport akademiyalarida oʻqitiladi. Oldingi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari natijasiga qarab, sport turlari ustuvorligi boʻyicha 3 ta toifaga ajratiladi.
Hududlardagi 310 ta sport maktabi milliy terma jamoalarning seleksiya bazasiga aylanishi kerakligi taʼkidlandi. Ularda yangi metodika va yondashuvlar joriy qilinadi.
Olimpiya sport turlariga moslashtirilgan 56 ta sport maktabi milliy terma jamoalarga asosiy zaxira boʻladi. Ularda hududdan saralangan yoshlar individual reja asosida maqsadli tayyorlanadi.
Shuningdek, yiliga ikki marta hududlarda olimpiya sport turlari boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalar tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Tuman va viloyat sovrindorlarini hokimlar ragʻbatlantirib boradi. Viloyat bosqichi gʻoliblari har yili dekabrda Olimpiya shaharchasida oʻtkaziladigan “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etadi.
Musobaqa gʻoliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi oʻrinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi. Bunda, 1-2 kurs oʻquvchilariga stipendiya toʻlash yoʻlga qoʻyiladi.
Prezidentimiz musobaqalarda yuqori natija koʻrsatgan sportchi va terma jamoa ustozlari qatorida sportchilarni yetishtirgan birinchi murabbiylarni ham ragʻbatlantirish zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilishda para sport imkoniyatlariga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Ilgari bu toifadagi yoshlar uchun atigi 33 ta maktabda sport toʻgaraklari boʻlgan, bugun bunday maktablar soni 235 taga yetdi. Parasport bilan muntazam shugʻullanuvchilar 4 karra koʻpayib, 7 mingdan oshdi.
Endi Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda nogironligi boʻlgan yoshlarni sport bilan qamrab olish, natijadorligini taʼminlash boʻyicha ilmiy metodika va standartlar ishlab chiqiladi. Uning Toshkentdagi filialida adaptiv sport boʻyicha alohida fakultet ochiladi.
Shuningdek, hududlardagi 39 ta sport maktabi parasport turlariga ixtisoslashadi. Bunday yoshlarni, ayniqsa, nogironligi boʻlgan qizlarni imkoniyatiga qarab, boshqa sogʻlom sport guruhlarida ham shugʻullanishiga sharoit yaratiladi. Trenerlarga malaka sertifikati berish va ularni qayta tayyorlash tizimi soddalashtiriladi.
Parasport turlari boʻyicha terma jamoalarni shakllantirish tartibi ham oʻzgartiriladi. Bundan buyon, yoshlar faqat musobaqa natijasiga qarab emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga qabul qilinadi. Bunda, nogironligi boʻlgan sportchilarning koʻrsatkichlarini monitoring qilib boradigan alohida onlayn platforma boʻladi.
Musobaqa va sport yigʻinlari tashkil qilishda olimpiya va paralimpiya tizimiga oʻtiladi. Yaʼni, qayerda chempionat boʻlsa, unga yonma-yon parasport musobaqasi ham oʻtkaziladi, yigʻinlar ham birgalikda tashkil qilinadi. Bu haqiqiy inklyuziv tizimga aylanadi, nogironligi bor sportchilar uchun ishonch va ragʻbat boʻladi.
Sport sohasida ham xususiy sektorga keng yoʻl ochilishi qayd etildi. Endi xususiy sport klublarining yagona reestri yuritiladi, ularning faoliyati boʻyicha mezonlar yaratiladi. Qamrov darajasiga qarab, klublarga bepul sport jihozlari ajratiladi. Xususiy murabbiylarga oʻzini oʻzi band qilish huquqi beriladi.
Muhimi, xususiy klublardagi yoshlar barcha musobaqalarda oʻz nomidan ishtirok etishi mumkin boʻladi va natijasiga qarab, terma jamoalarga qabul qilinadi.
Sportchilarni topish, saralash va tayyorlash jarayoniga raqamlashtirishni keng joriy qilish, adolatni taʼminlab, qobiliyatli yoshlarni yuzaga chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda ommaviy sportni rivojlantirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻtgan yili musobaqalarda yoshlar qamrovi 10 millionga yetgan. Lekin katta yoshdagi insonlarning sportda ishtiroki kam.
Shu bois endi mahallalarda ommaviy jismoniy faollik tadbirlari oʻtkaziladi, bu boʻyicha reyting yuritiladi. Yil yakuni bilan eng faol oilalarga mashq jihozi beriladi, eng yaxshi mahallalarda sport maydonchalari quriladi.
Oʻquvchilarni sportga keng jalb etish maqsadida har bir maktabda yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari boʻyicha toʻgaraklar ochiladi. Maktablar oʻrtasida olimpiya sport turlari boʻyicha musobaqalar tashkil qilinadi. Eng yaxshi natija koʻrsatgan oʻquvchilar seleksiya qilinib, maktablar esa kerakli sport inventari bilan taʼminlanadi. Natija koʻrsatgan jismoniy tarbiya oʻqituvchilari alohida ragʻbatlantiriladi.
Yurtimizda 700 mingdan ziyod talabalar borligi qayd etilib, ular oʻrtasida sportga havasni kuchaytirish, qamrovni oshirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
Aholini sogʻlom turmush tarziga oʻrgatishda nafaqat sport, balki toʻgʻri ovqatlanish ham dolzarb. Oʻrganishlarga koʻra, aholimizning 44 foizi jismoniy faol emas, 36 foizi toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga amal qilmaydi. Boshoqli va donli mahsulotlar, meva-sabzavotlar isteʼmoli kam. Tez tayyor boʻluvchi va tarkibida kanserogen moddalar yuqori boʻlgan mahsulotlar savdosi koʻpaygan. Bular turli kasalliklar va erta oʻlimlarga sabab boʻlayapti.
Shu bois “Sogʻlom inson – sogʻlom millat” gʻoyasi umummilliy harakatga aylantirilishi taʼkidlandi. Buning uchun sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollik targʻibotini har bir oilaga olib kirish kerakligi aytildi.
Yigʻilishda soha mutasaddilari, hokimlar va sportchilar bilan muloqot boʻldi.