Xabaringiz bor, futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi mart oyida jahon chempionati ishtirokchilariga qarshi ikkita oʻrtoqlik uchrashuvini oʻtkazadi.
OʻFA qoshida tashkil etilgan murabbiylar kenagashi boshchiligidagi Oʻzbekiston terma jamoasi 23 mart kuni Senegal terma jamoasiga qarshi maydonga tushsa, 27 mart kuni Marokash vakillariga qarshi bahs yuritadi. Har ikkala uchrashuv Kasablanka shahrida boʻlib oʻtadi.
Ushbu oʻyinlarni jonli efirda namoyish etish boʻyicha “Sport” telekanali Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan kelishuvga erishdi. OʻFA matbuot xizmatining MOQqa maʼlum qilishicha, Senegalga qarshi uchrashuv 23 mart kuni Toshkent vaqti bilan 22:00da, Marokashga qarshi bahs esa bizning vaqt bilan 27 dan 28 mart kuniga oʻtar kechasi soat 01:00da boshlanadi.
Shuningdek, “Sport” telekanali Oʻzbekiston U-23 terma jamoasining 23 mart kuni Andijonda, 26 mart kuni esa Fargʻona shahrida Keniya terma jamoasi qarshi tashkil etiladigan oʻrtoqlik oʻyinlarini ham jonli efirda translyasiya qilishni rejalashtirgan.
Maʼlumot uchun, OʻFA va «Sport» telekanali oʻrtasida oʻrnatilgan hamkorlik samarasi oʻlaroq, bu yilgi mavsumdan boshlab Oʻzbekiston Superligasining barcha uchrashuvlari “Sport” telekanalida jonli efirda namoyish etib kelinmoqda.