Oʻzbekiston vakillari badiiy gimnastika boʻyicha Osiyo chempionatida yetakchilik qilmoqda

0
209
marta koʻrilgan.

 Tailandning Pattayya shahrida 20-23 iyun kunlari badiiy gimnastika boʻyicha Osiyo chempionati boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 bronza medallari jamgʻargan holda Osiyo chempionatida yetakchilik qilmoqda. Keyingi oʻrinlarni Xitoy, Yaponiya va Qozogʻiston jamoalari egallab turishibdi, deya xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi.

Malayziya, Shri Lanka, Hindiston, Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiya kabi 18 ta davlatdan mahoratli sportchilar tashrif buyurgan qitʼa birinchiligida yurtdoshlarimiz munosib ishtirok etishmoqda.

Kecha, terma jamoamizning yetakchi sportchisi Sabina Tashkenbayeva yakkalik bahslarining koʻpkurash yoʻnalishida 75, 550 ball yigʻib oltin medalga sazovor boʻldi. Ushbu bahslarda ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni mos ravishda xitoylik Yatin Jao (72.500 ball) va qozogʻistonlik Adilya Tlekenova (70, 550 ball) qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, Nuriniso Usmonova hamda Yekaterina Fetisova juftligi jamoaviy bahslarda shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi. Ushbu yoʻnalishda Xitoy va Yaponiya terma jamoalari kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritdi.

Guruh mashqlarida qatnashgan qizlarimiz Nilufar Shomurodova, Dinara Ravshanbekova, Sofiyabonu Kasimova, Kamola Ernazarova, Kseniya Aleksandrova va Sevara Safoyeva 44,950 ball toʻplab kumush medalga ega chiqishdi. Mazkur yoʻnalishda oltin medalni Yaponiya (48,650 ball) terma jamoasi qoʻlga kiritgan boʻlsa, xitoylik qizlar (44, 150 ball) uchinchi pogʻonadan joy oldi.

22 iyun kuni ham vakillarimiz zafarli yurishlarini davom ettirishdi. Guruh bahslarida ishtirok etgan Yekaterina Pirojkova shogirdlari beshta toʻp bilan mashq bajarish yoʻnalishida 26,100 ball toʻplab oltin medalga sazovor boʻlishdi. Keyingi oʻrinlarni Yaponiya (25,350 ball) va Xitoy (22,450 ball) jamoalari egallashdi.

Jamoamizda navbatdagi medalni yakkalik bahslarining halqada bajarish yoʻnalishida ishtirok etgan Yekaterina Fetisova keltirdi. Lili Vlasova shogirdi 18.000 ball toʻrlab, bronza medaliga sazovor boʻldi. Ushbu bahslarda birinchi oʻrinni Yatin Jao (19.600 ball) qoʻlga kiritgan boʻlsa, ikkinchi oʻrin qozogʻistonlik Adilya Tlekenova (19,450 ball) ga nasib etdi.

Musobaqa  davom etmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.