Qilichbozlarimiz ertaga Jahon Kubogidagi ishtiroklarini boshlashadi

0
167
marta koʻrilgan.

Germaniyaning Haydenhaym shahrida 25 yanvar kuni qilichbozlikning shpaga yoʻnalishi boʻyicha Jahon Kubogi bosqichi start oladi. Mazkur turnirda mamlakatimiz sharafini toʻrt nafar sportchi himoya qiladi. 

Shpagachilarimiz musobaqada quyidagi tarkibda ishtirok etishadi: Roman Aleksandrov, Igor Knyazev, Javohirbek Nurmatov , Abdulvosid Nasirdinov. 

Sportchilarimiz 22 yanvar kuni bosh murabbiy Ruslan Kudayev boshchiligida Germaniyaga joʻnab ketishdi. Safar oldidan terma jamoamiz vakillari musobaqaga koʻrilgan tayyorgarlik jarayoni haqida oʻz fikrlarini bildirishdi.

Ruslan Kudayev (shpaga yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, Jahon chempionati finalchisi, Osiyo chempionati kumush medali sohibi, London Olimpiadasi ishtirokchisi):— Germaniyada Jahon Kubogi doirasidagi birinchi musobaqa boʻlib oʻtadi. Tayyorgarlikni biz oʻtgan yilning sentyabr oyidan boshlab yuborganmiz, xususan, uzluksiz oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida boʻldik, Yaponiya, Rossiya kabi mamlakatlarda yigʻinlar oʻtkazdik.

 Bugungi kunda qilichbozlik barcha mamlakatlarda rivojlanmoqda. Osiyo mamlakatlari ham hozirda kuchli. Janubiy Koreya, Yaponiya va Qozogʻistonlik sportchilar doimiy ravishda yuqori natijalarni koʻrsatib kelmoqdalar. Biz aynan kimga qarshi kurashishimiz qurʼa tashlash jarayonida aniqlanadi va unga koʻp narsa bogʻliq. 

Qilichbozlikning eng ommaviy turi shpagadir. Bu yoʻnalish barcha mamlakatlarda rivojlangan. Misol uchun, Estoniya va Qirgʻisizston kabi davlatlarda faqat shpaga yoʻnalishi mavjud. Bu holat koʻplab boshqa mamlakatlarda ham kuzatiladi”. 

Igor Knyazev (Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi, sport ustasi, Navoiy viloyati, yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionatlarida ikki marotaba kumush medal sohibi, koʻp marotaba Oʻzbekiston chempioni. 12 yildan beri qilichbozlik bilan shugʻullanib kelmoqda): —Germaniyadagi musobaqa nufuzli. U yerda dunyoning eng kuchli sportchilari qatnashadi. Jahon kubogi oʻz ichiga bir qator musobaqalarni oladi va barcha mamlakatlar bu musobaqaga oʻzining eng kuchli sportchilarini yuborishadi. Ushbu sport asoschilari boʻlmish fransiyalik qilichbozlarga qarshi kurashish doim mushkul vazifa boʻlib kelgan. Bundan tashqari Koreya, Xitoy, Yaponiya va Italiyadan tashrif buyuradigan sportchilar ham juda kuchli. Murabbiyim taʼkidlab oʻtganidek, koʻp narsa qurʼa tashlash jarayonida hal boʻladi. Ammo, bizda qoʻrquv yoʻq. Chunki biz puxta tayyorgarlik koʻrdik va yangi mavsumni omadli boshlashni maqsad qilib qoʻyganmiz. 

Musobaqa 25-27 yanvar kunlari oʻtkaziladi. Unda sportchilarimiz yakkalik va jamoaviy bahslarda oʻz omadlarini sinab koʻrishadi. Terma jamoamiz Toshkentga 29 yanvar kuni qaytib keladi.

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.