Tunisda taekvondo (WTF) boʻyicha Argentinada oʻtkaziladigan III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga saralash musobaqasi va oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionatida yakunlandi.
Mazkur musobaqalarda murabbiylar Sobir Nazaraliyev va Jasur Boyqoʻziyev boshchiligida terma jamoaning 15 nafar aʼzosi ham Vatanimiz sharafini himoya qildi.
III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga saralash musobaqasida 48 kilogrammgacha vazn toifasida qatnashgan Ulugʻbek Rashidov Malayziya, Bahrayn, Belorus, Tunis, Janubiy Koreya va Rossiya sharafini himoya qilgan sportchilarni magʻlubiyatga uchratib, oltin medal va Argentinada boʻlib oʻtadigan III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatining oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi bellashuvlarda 45 kilogrammgacha vazn toifasida Amirbek Toʻrayev kumush, vazni 51 kilogramm boʻlgan Ulugʻbek Rashidov bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Qizlar oʻrtasidagi bahslarda 52 kilogrammda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Ozoda Sobirjonova barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratgan holda finalgacha yetib bordi va kumush medalga sazovor boʻldi.
III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga saralash musobaqasi doirasida Oʻzbekiston taekvondo assotsiatsiyasi bosh kotibi Abbos Latipov Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Chung Von Chou bilan uchrashdi.
Unda Xalqaro tashkilot prezidenti hamyurtlarimizni qoʻlga kiritilgan yoʻllanma bilan tabrikladi. Ayniqsa, finalda ajoyib jang koʻrsatgan Ulugʻbek Rashidovdan kelgusida ajoyib sportchi yetishishiga va ulkan gʻalabalarini qoʻlga kiritishini taʼkidladi.
Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekistonga chet eldan mutaxassis jalb etilishi haqida kelishib olindi. Chung Van Chou sportchilarimizga kelgusi musobaqalarda omad tilab qoldi.
Tunisda oʻtkazilgan bahslar oʻz yakuniga yetdi. Oʻzbekiston terma jamoasi Olimpiadaga yoʻllanma beruvchi bitta oltin medal, jahon chempionatidan esa 2 ta kumush, 1 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Oʻsmirlarimiz 15 aprel kuni soat 00-40 da Toshkentga qaytishadi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi hukumat portali