Sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish boʻyicha mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi

0
113
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan boʻlib oʻtgan tantanali marosimdagi nutqidan:

Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning aybi sudda aniq boʻlmaguncha u aybdor hisoblanmasligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy normalarni amalda taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrildi.

Albatta, bu qoidani hayotga toʻliq tatbiq etish, birinchi navbatda, sudlarning chinakam mustaqilligi, ularning adolatli faoliyat yuritishi bilan chambarchas bogʻliq.

Shu maqsadda biz sud tizimini tubdan isloh qilishga alohida eʼtibor berib kelmoqdamiz. Jumladan, yagona sud amaliyotini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi birlashtirildi.

Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi taʼsis etildi.

Sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Shu asosda sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish boʻyicha mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi.

Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida maʼmuriy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Endilikda fuqarolarimizning haq-huquqlari davlat idoralari tomonidan buzilsa, ular har bir tuman va shaharda tuzilgan maʼmuriy sudlarga murojaat qilishlari mumkin.

Sudlarning xalq oldidagi masʼuliyatini oshirish maqsadida yangi tayinlanayotgan sudyalar tegishli hudud jamoatchiligi, mahalla faollari muhokamasidan oʻtkazilmoqda. Fuqarolarning ijobiy fikri mavjud boʻlgan taqdirdagina ular lavozimga tayinlanmoqda.

Sudning tarbiyaviy rolini kuchaytirish, uning faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, sud hukmlarini qabul qilishda jamoatchilik fikrini inobatga olishga jiddiy eʼtibor qaratildi.

Shu maqsadda sud ishlarini sayyor tartibda koʻrish yoʻlga qoʻyildi. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida sudlar tomonidan 373 ming 256 ta ish koʻrib chiqilgan boʻlsa, shundan 169 ming 289 tasi yoki 45 foizi sayyor sud muhokamalarida koʻrildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.