Surxondaryoda tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar ochiladi

0
2
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Hududlarni rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar natijasida bu vohada ham keng imkoniyatlar ochilmoqda. Kelgusi yilda Surxondaryoga 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 425 ming aholini band qilish va eksportni 320 million dollarga yetkazish reja qilingan.

Masalan, “Ayritom” xalqaro savdo zonasida bir oyda oʻrtacha 5 million dollarlik mahsulot sotilayapti. Uning hududi 150 gektarga kengaytirilsa, yana 250 million dollarlik loyihalarga joy boʻladi.

Xitoylik investorlar Bobotogʻ hududidagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya kiritib, 2 ming ish oʻrni yaratishni taklif qilayapti. Buning natijasida yiliga 600 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Sherobodning Vandob va Chorbogʻ hududlari esa volfram, koʻmir, osh tuzi, kvars qumi kabi tabiiy resurslar zaxirasiga boy. Bu konlarga 320 million dollar investitsiya jalb qilib, 1,5 ming ish oʻrni yaratish moʻljallangan. Bandixon tumanidagi 50 gektar maydonda Termiz erkin iqtisodiy zonasining filialini ochish rejalashtirilgan.

Qishloq xoʻjaligida ham ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp. Masalan, Boysun va Uzun tumanlari tabiati kavrak yetishtirish uchun qulay. 18 ming gektar yaylov va oʻrmon yerlari shu maqsadda aholiga berilsa, 4 ming odamning bandligi taʼminlanadi. Uzun, Shoʻrchi va Qumqoʻrgʻondagi xuddi shunday yaylovlarda qoʻychilik va qoramolchilik majmuasi tashkil etish mumkin.

Muzrabotdagi 17 ta kollektorda yigʻiladigan suv qariyb 4 ming gektarda sholi yetishtirish imkonini beradi. Bu orqali yiliga 8,5 ming tonna guruch olinadi, 400 nafar odam doimiy, yana 4,5 ming nafari mavsumiy ish bilan band boʻladi.

Qiziriq tumanida 300 gektarda issiqxona, Oltinsoyda 1 ming gektarda uzumzor tashkil etib, bozorbop mahsulotlar yetishtirish ham yaxshi iqtisodiy samara beradi.

Sangardak, Omonxona, Boysun hududida turizm sharoitlarini yaxshilab, kamida 1 million sayyohni jalb qilish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi.

Yigʻilishda Surxondaryo viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha rejalarni taqdimot qildi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish, konlar negizida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, savdo va xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Dehqonchilik uchun ajratilayotgan har bir maydon aholi bandligi va oziq-ovqat xavfsizligiga xizmat qilishi kerakligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.