Tabiiy ofat oqibatlari tezda bartaraf etiladi

0
270
marta koʻrilgan.

Respublikamiz hududiga 27 aprel kuni Turkmaniston hududidan  kirib kelgan sekundiga 9-40 metrgacha tezlikdagi kuchli shamol Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida aholi hayoti, uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma tarmoqlari va qishloq xoʻjaligi ekinlariga katta zarar yetkazdi. Oqibatda bir necha fuqaro jarohatlanib, bir kishi halok boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu tabiiy ofat oqibatlarini koʻzdan kechirish, zarur chora-tadbirlarni belgilash hamda aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish maqsadida Buxoro viloyatiga keldi. Vertolyotda Qorakoʻl va Olot tumanlaridagi holatni koʻzdan kechirdi. Olot tumani markazida mahalliy aholi vakillari, faollar bilan uchrashuv oʻtkazildi. 

Davlatimiz rahbari kechagi kuchli shamol kutilmagan va ilgari kuzatilmagan tabiiy ofat boʻlganini, odamlar turmushi, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarga salbiy taʼsir qilganini afsus bilan qayd etdi. 

Xalqimiz hamjihat boʻlib, bunday sinovlarni koʻp yengib oʻtgan. Bu safar ham zarur chora-tadbirlar koʻrilib, talofat oqibatlari tezda bartaraf etiladi. Eng muhimi, ruhni tushirmay, birgalikda kurashsak, bu qiyinchiliklardan kuchli boʻlib chiqamiz, deb taʼkidladi Prezidentimiz.

Turar joylar va infratuzilma obyektlarini taʼmirlash, aholiga har tomonlama koʻmaklashish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot tarmoqlari, jamoat xavfsizligi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga safari chogʻida Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Muborak Ramazon kunlarida Alloh taolodan xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, yurtimizni turli balo-ofatlardan asrashini tilab duo qilindi.  

Buxoro xalqaro aeroportida tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish, aholi, fermer va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha  vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.