Tadbirkorlikni jadal va yanada keng rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratish – eng muhim vazifamizdir

0
659
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda soʻzlagan nutqi

Hurmatli tadbirkorlar va uchrashuvimiz ishtirokchilari!

Avvalambor, bugun barchangizni sogʻ-salomat va koʻtarinki kayfiyatda koʻrib turganimdan behad xursandman.

Hech shubhasiz, keyingi yillarda sizlar iqtisodiyotimiz va islohotlarimiz tayanchiga hamda lokomotiviga aylandingiz, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Siz kabi ishning koʻzini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz timsolida biz tom maʼnodagi Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlarini koʻramiz.

Bu haqda soʻz yuritganda, mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish oʻrinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga toʻgʻri kelishini taʼkidlash lozim. Hozirgi kunda ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilayotgani uning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni ham ortib borayotganini koʻrsatadi. Shu boisdan ham agar biz iqtisodiyotimizni, ijtimoiy sohani yanada yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishimiz zarur.

Albatta, keyingi 3-4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, koʻchmas mulk va resurslarga ega boʻlish, eksport kabi masalalarda koʻplab yangi imkoniyat va sharoitlarni yaratdik. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo boʻyicha mavjud cheklovlar, toʻsiq va gʻovlarning aksariyatiga barham berildi.

Eng asosiysi, el-yurtimiz oʻrtasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat oʻzgardi, jamiyatda ularning obroʻsi va mavqei kun sayin tobora ortib bormoqda. Natijada ichki va tashqi bozorda oʻz mustahkam oʻrniga, nufuzi va brendiga ega boʻlgan haqiqiy tadbirkorlarimiz sinfi shakllana boshladi.

Masalan, birgina Namangan viloyatida – “Chust Textile” (aka-uka Ismatullayevlar), “Art Soft Holding” (aka-uka Boboxonovlar), Toshkent shahrida – “Techno export” (Sherzod Qosimov), Toshkent viloyatida – “New Way Industries” (Sardor Abbosxonov), Samarqandda – “Oxalik Oltin Bog‘i Mevasi” (Olim Soliyev) kabi korxonalar oʻz faoliyatini “nol”dan boshlab, hozirgi kunda 10-15 million dollarlik mahsulot eksport qilmoqda. Ayni paytda ularning har biri minglab ish oʻrinlarini yaratib, nufuzli yirik kompaniyalarga aylangani diqqatga sazovordir.

Taʼkidlash kerakki, bunday yuqori samarali faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar har bir hududda koʻplab topiladi. Misol uchun, Andijonda – “Dinar tekstil” (Hadiyatillo Tillaboyev), Qashqadaryoda – “Bunyodkor” (Gʻolib Erqulov), Sirdaryoda – “Sirdaryo mega lyuks” (Muhiddin Normatov), Fargʻonada – “Fergana global textile” (Moʻminjon Razaqov), Xorazmda – “Xorazm tex” (Alisher Sobirov), Jizzaxda – “Sangzor tekstil” (Otabek Xoʻjametov), Buxoroda – “Parvoz xumo ravnaq trans” (Shermuhammad Ochilov), Surxondaryoda – “Indenim klaster” (Sherzod Shoymardonov), Navoiyda – “Baht-Textile” (Bahriddin Moʻminov) kabi korxonalar, qisqa muddatda ishlab chiqarish, eksport va ish oʻrinlarini 10-15 barobar oshirishga erishganini alohida qayd etib oʻtmoqchiman.

Kamol Abdullayev, Qutlimurat Panayev, Murtazo Rahmatov, Ulugʻbek Sotiboldiyev, Ulugʻbek Toʻxtaboyev, Murod Yoqubov, Zafar Hoshimov, Shavkat Jamolov, Murod Nazarov, aka-uka Mamasaidovlar, Farrux Fuzailov, Baxtiyor Azizxoʻjayev, Farhod Mamajanov, Bekzod Mamatqulov, Baxtiyor Umarov kabi nufuzli tadbirkorlarimiz esa oʻz bizneslarini butun mamlakat miqyosida kengaytirib bormoqda.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Men bugun ushbu zalda va joylardagi studiyalarda qatnashayotgan yuzlab tadbirkor yoshlar va opa-singillarimizni koʻrib turganimdan benihoya xursandman.

Biz keyingi 2 yilning oʻzida faqatgina xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga 500 million dollar mablagʻ yoʻnaltirdik. Ular oʻz biznesini boshlashi, jumladan, kasb va tadbirkorlikni puxta oʻrganishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Namangandan – Anna Dobrix, margʻilonlik – Nargiza Aminova, xorazmlik – Shahlo Yoʻldosheva, Toshkent shahridan – Munira Qoriyeva, Madina Ayupova, Toshkent viloyatidan – Nargiza Bekmurodova, surxondaryolik – Muhabbat Qayumova kabi yuzlab ayollarimiz bugungi kunda el-yurtimizga tanilgan tadbirkorga aylandilar.

Soʻnggi 5 yilda mamlakatimizda yosh tadbirkorlar 5 barobar koʻpayib, ularning soni 500 mingdan oshdi.

Tadbirkor ayollar va yoshlar safini yanada kengaytirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bundan keyin ham iqtisodiy siyosatimizning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.

Qadrli tadbirkor doʻstlarim!

Biz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkorlarimizni, oʻz ishiga fidoyi va jonkuyar, vatanparvar insonlar deb bilamiz va ularni qadrlaymiz.

Ayniqsa, murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida ham xalqimizga madadkor boʻlib, oʻz biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish oʻrinlarini yaratib, muhtojlarga koʻmak berayotgan hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan tadbirkor doʻstlarimga bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman.

Ana shunday faol va fidoyi tadbirkorlarning 100 nafariga, chuqur minnatdorchilik ramzi sifatida, birinchi marta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan minnatdorchilik xatini imzoladim.

Ana shu tadbirkorlarimizning 50 nafari shu zalda, yana 50 nafari esa hududiy studiyalarda qatnashmoqdalar.

Fursatdan foydalanib, shunday eʼtirofga sazovor boʻlgan fidoyi, vatanparvar, saxovatpesha va gʻayrat-shijoatli tadbirkor va ishbilarmonlarga yana bir bor chuqur tashakkur bildiraman va sizlarning safingiz butun mamlakatimiz boʻylab kun sayin kengayib borishiga astoydil ishonaman.

Aziz yurtdoshlar!

Bugun ilk bor mutlaqo yangicha formatda – ochiq muloqot shaklida sizlar bilan yuzma-yuz uchrashib, biznes sohasidagi muammo va masalalar haqida batafsil gaplashib olishga qaror qildik.

Xabaringiz bor, kambagʻallikni qisqartirish, “mahallabay” ishlab, joylarda oʻsish nuqtalarini aniqlash, ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish boʻyicha katta marralarni belgilab olganmiz. Bu borada davlat idoralari va xizmat koʻrsatuvchi barcha tashkilotlar tadbirkorlar bilan har kuni yaqin hamkorlikda ishlab, ularga amaliy yordam koʻrsatishi shart.

Bugungi muloqotga tayyorgarlik jarayonida koʻplab savol va takliflar tushgani sababli murojaatlarning qabul muddatini 1 avgustdan 10 avgustga qadar, yaʼni 10 kunga uzaytirishga majbur boʻldik. Tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq savol, taklif va tashabbuslar kelib tushdi va shu kungacha joylarda ularning koʻpchiligi hal etildi.

Ayniqsa, Andijon, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida ishlar tizimli tashkil qilinib, tadbirkorlarimizning 90 foiz muammolari qisqa fursatlarda hal qilib berilgani, albatta, quvonarli hol.

Qayerda muhit yaxshi boʻlsa, hudud va tarmoq rahbarlari Prezident talabini toʻgʻri tushungan boʻlsa, oʻsha yerda ish uslubi, tadbirkorlarga munosabat oʻzgargan. Aksincha, tadbirkorning dardi bilan yashamagan, ular koʻtargan muammolarning ichiga kirmasdan, koʻmak bermagan rahbarlar faoliyatiga esa, xalqimizning oʻzi baho beradi va bunday rahbarlarga bizning safimizda oʻrin yoʻq va kelajakda ham shunday boʻladi.

Bir narsani barchamiz aniq tushunib olishimiz lozim. Tadbirkorlarimizning ushbu murojaatlari – amaldagi islohotlarimiz koʻzgusidir. Shu bois har bir vazirlik va idora rahbari, viloyat, tuman va shahar hokimlari kelib tushgan murojaatlarni oʻzlarining faoliyatiga berilgan baho, deb bilishlari, bundan toʻgʻri xulosa chiqarib, mazkur yoʻnalishda keskin oʻzgarishlar qilishlari zarur va shart.

Tashabbus koʻrsata olmaydigan, yangi-yangi gʻoyalarni koʻtarib chiqishga, oʻzgarish qilishga intilishi boʻlmagan rahbarlarga nisbatan talab va choralar juda qattiq boʻladi.

Hurmatli biznes vakillari!

Men sizlar tomoningizdan koʻtarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan toʻla xabardorman.

Bugungi kunga qadar eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal etishga qaratilgan 7 ta muhim yoʻnalish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik. Bugun sizlar bilan birgalikda ularni batafsil muhokama qilib olmoqchimiz.

Birinchi yoʻnalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bogʻliq. Ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi va koʻplab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.

Masalan, Urgutda elektr texnikasi mahsulotlarini ishlab chiqaradigan “Sam Elektro Servis” korxonasi ikki yarim milliard soʻm kreditni 3 yil muddatga olgani, korxona foyda bilan ishlashi uchun esa, unga kamida 5 yil muddat kerakligini taʼkidlagan.

Haqiqatan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.

Shuningdek, banklar tomonidan 18 mingga yaqin tadbirkorga yillik 8-10 foizda xorijiy valyutada berilgan kredit, valyuta kursining muntazam oʻsishi hisobidan, qoʻshimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda. Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlida ogʻir yuk, toʻsiq boʻlib turganini koʻrsatmoqda. Shu bois tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrishimiz talab etiladi.

Birinchidan, banklarning kapitalini oshirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan bozor tamoyillari boʻyicha qoʻshimcha 600 million dollar ajratiladi. Bu mablagʻlar tanlov asosida, ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.

Qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng koʻp ish oʻrni yaratadigan loyihalarni taqdim etsa, ushbu mablagʻlar ana shu banklarga ajratiladi.

Ikkinchidan, yuqorida qayd etilgan mablagʻlarni jalb etmoqchi boʻlgan bankning oʻzi ham tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qoʻshimcha resurslar jalb qiladi. Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutada 5 trillion soʻmlik yevrobondlar chiqariladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston bozorida ishlashga tayyor, zamonaviy texnologiyalarga ega boʻlgan yirik xorijiy banklarning yurtimizga kirib kelishi uchun keng imkoniyatlar yaratamiz. Bu ham, oʻz navbatida, tadbirkorlarimiz uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak boʻlgan sogʻlom raqobat paydo boʻladi.

Bugungi yigʻilishda qatnashayotgan har bir bank rahbari “tobora kuchayib borayotgan raqobatga munosib boʻlish hamda tadbirkorlarni rozi qilish uchun nimani oʻzgartirishim kerak”, degan savolni oʻziga berishi va jiddiy xulosa qilishi lozim.

Uchinchidan, banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb etishidan qatʼi nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – “soʻm”da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Xorijiy valyutada kredit olgan va bugun qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimiz ushbu masalani oʻz murojaatlarida koʻtarganlar. Shu bois Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi. Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablagʻlarni soʻmga oʻtkazib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi.

Loʻnda qilib aytganda, bundan buyon dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkor uchun qoʻshimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi. Mazkur kompaniya barcha hudud va tarmoqlar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi.

Toʻrtinchidan, bundan buyon Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablagʻlar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.

Ushbu masala yechimiga Bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.Qoʻchqorov, moliya vaziri T.Ishmetov, Markaziy bank raisi M.Nurmurodov shaxsan masʼul boʻladi.

Beshinchidan, joriy yil 1 oktyabrdan boshlab ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari oʻrtasidagi kelishuvga asosan milliy valyutaga oʻtkazib beriladi.

Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobidan tijorat banklarida har yili oʻrtacha 30-40 trillion soʻmlik milliy valyutadagi uzoq muddatli qoʻshimcha resurslar shakllanadi. Buning hisobidan tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Oʻylaymanki, bunday yangi imkoniyatlar mamlakatimizda tadbirkorlikning rivojiga kuchli turtki beradi.

Hurmatli tadbirkorlar!

Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin kredit boʻyicha foiz stavkalarini sunʼiy pasaytirsak, pul-kredit bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qoʻymasligimiz lozim. Barqarorlik boʻlmasa, iqtisodiy oʻsish boʻyicha koʻzlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.

Bu borada foiz stavkalariga bevosita taʼsir etadigan inflyasiyani, yana takror aytaman, inflyasiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini toʻliq bozor mexanizmlariga oʻtkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz.

Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka oʻqitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda. Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa, yoshlarga oʻz gʻoyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablagʻlar jalb qilishga yordamlashadi hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida koʻmakdosh boʻladi.

Umuman, inflyasiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa, tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi.

Oltinchidan, islohotlarimiz uchun oʻta muhim boʻlgan oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida ham 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Endi bu yangi tizimda odamlarimiz tadbirkorlik uchun kredit olaman deb hokimiyatga, bankka yoki boshqa idoraga borib yurmaydi, asbob-uskunalarni sotib olish uchun taʼminotchini qayerdan topaman, deb, bosh qotirishga zarurat qolmaydi.

Kreditni rasmiylashtirishdan tortib, mahsulotni olish va sotishgacha boʻlgan barcha jarayonlar elektron tarzda, onlayn shaklida hal etiladi. Oʻz navbatida, ushbu platforma taʼminotchi korxonalar uchun ham kamida 10 trillion soʻmlik bozor yaratadi. Yaʼni, taʼminotchilar uchun oʻzlari ishlab chiqargan asbob-uskunalar, xomashyo va tayyor mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotish imkoniyati yaratiladi.

Iqtisodiy kompleks rahbarlari – Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov, Markaziy bank raisi M.Nurmurodov, tijorat banklari uch oy muddatda joylarda tadbirkor va aholimizga ushbu qulayliklarni atroflicha tushuntirib, undan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyishni tashkil etishlari zarur. Bu borada ishni mahallabay tashkil etish boʻyicha Andijon tajribasini butun mamlakat boʻylab keng qoʻllash lozim boʻladi.

Yettinchidan, koʻplab murojaatlarda biznesni moliyalashtirish manbalarini yanada koʻpaytirish maqsadida bankdan tashqari kredit tashkilotlarini ochish va yuritishga boʻlgan mavjud talablarni kamaytirish va yengillashtirish soʻralgan. Bu masala Andijondan “Almaz Finans” korxonasi rahbari Olimjon Oxunov va Jizzaxdan “Diamond-N Trade Capital” korxonasi rahbari Sherzod Soatovning murojaatlarida ham koʻtarilgan.

Bu takliflar bizga juda maʼqul. Shuning uchun joriy yil 1 oktyabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi toʻliq bekor qilinadi. Endi ular oʻz faoliyatini boshlashi uchun faqatgina Markaziy bank reestriga kirishlari kifoya.

Shuningdek, bundan buyon ularga kassa uchun xonalar tashkil etish, hududlarda filiallar ochishda Markaziy bankning roziligini olish shart boʻlmaydi. Ular tomonidan tadbirkorlarga beriladigan mikrokredit (300 million soʻm) va mikrolizing (600 million soʻm) uchun amaldagi cheklovlar ham olib tashlanadi.

Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlariga boshqa tashkilotlardan mablagʻlar jalb etish, obligatsiyalar chiqarish huquqlari ham beriladi. Shuningdek, ushbu tashkilotlar, xuddi banklar kabi, toʻlovlarni qabul qilish vakolatiga ham ega boʻladi.

Umuman, ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan ham kredit bozorida tadbirkorlarimiz uchun yiliga qoʻshimcha 10 trillion soʻm mablagʻ shakllanadi.

Ikkinchi yoʻnalish – soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirishga oid.

Maʼlumki, soʻnggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi.

Koʻpchilikning esidan chiqqan boʻlishi mumkin, yaqingacha Pensiya, Maktab va Yoʻl jamgʻarmalariga biznes uchun ogʻir yuk boʻlgan 3,2 foizli yigʻimlar toʻlanar edi. Ushbu yigʻimlar korxonalarning foydasidan qatʼi nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 20-25 foiz foydasiga teng boʻlgan.

Byudjetdan tashqari jamgʻarmalarga mazkur yigʻimlarni bekor qilish hisobidan 7 mingga yaqin korxonalar har yili oʻrtacha 6 trillion soʻm soliq toʻlashdan ozod boʻldi. Masalan, birgina “Andijonkabel” korxonasi ixtiyorida 11 milliard soʻm, “Lactalis Agro” qoʻshma korxonasida esa 3 milliard soʻm mablagʻ qoladigan boʻldi.

Mol-mulk, daromad soligʻi va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobar kamaytirildi.

Aniq misollar bilan gapiradigan boʻlsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, toʻqimachilik va elektr texnikasi sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.

Ayniqsa, pandemiya davrida xarajatlarimiz keskin oshganiga qaramasdan, qoʻshilgan qiymat soligʻi 20 foizdan 15 foizga tushirildi, koʻproq zarar koʻrgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va yer soliqlari toʻlovlaridan butkul voz kechildi. Bu esa, oʻz navbatida, tadbirkorlar ixtiyorida qolgan 2 trillion soʻm mablagʻni biznes faoliyatiga sarflash imkonini berdi. Lekin soliq stavkalari va soliq maʼmurchiligi boʻyicha tadbirkorlar tomonidan koʻtarilayotgan haqli savollar hali juda koʻp.

Birinchidan, oʻtgan yili yangi Soliq kodeksi amalga kiritilganidan keyin 23 ta maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari avvalgi imtiyozlarimiz saqlanib qoladimi yoki yoʻqmi, deb bezovta boʻlmoqda. Ushbu masalada maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari boʻlgan Sirdaryodan – “AWP” qoʻshma korxonasi (Komil Mirzayev), Toshkent viloyatidagi – “Steel Pipe Company” (Azizxon Hafizxonov) kabi 70 dan ziyod korxona vakillari murojaat qilgan.

Bu borada bir fikrni aniq qilib aytmoqchiman: 2020 yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi. Bunga qonun bilan kafolat berilgan. Jumladan, ushbu tadbirkorlar investitsiya miqdoridan kelib chiqib, mol-mulk, yer va suv soliqlaridan 10 yilgacha ozod qilingan edi.

Endi ushbu imtiyozlarga foyda soligʻi ham qoʻshiladi va korxonalar ixtiyorida yiliga qariyb 300 milliard soʻm mablagʻ qoladi. Masalan, “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi “Temur Med Farm” korxonasi oʻtgan 6 oyda 4 milliard soʻm foyda soligʻi toʻlagan boʻlsa, ikkinchi yarim yillikda esa kamida shuncha mablagʻ uning oʻzida qoladi.

Shuningdek, ichki bozorda teng raqobat boʻlishi uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xomashyo import bojidan ozod etiladi. Misol uchun, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Jizzax Toshtepa Textile” korxonasi mahsulotini toʻliq eksportga sotadi. Bu imtiyoz evaziga ushbu korxona olib kelgan 1 million dollarlik xomashyo va yarim tayyor mahsulotga 2,2 milliard soʻmlik bojxona imtiyozi beriladi.

Ayni paytda bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz qoʻshilgan qiymat soligʻining uzluksiz zanjirini yaratish boʻyicha katta islohotlarni olib boryapmiz. Shu bois maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi. Bunday tartib tadbirkorlarga bir yilda oʻrtacha 350 milliard soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini 120 kun davomida boʻlib-boʻlib toʻlashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi.

Ikkinchidan, mamlakatimizda qurilish sohasida ham katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.

Mahsulot tannarxini kamaytirish boʻyicha Toshkent shahridagi “Shah-Polan M”, Fargʻonadagi “Farg‘ona Yasin Qurilish Mollari” kabi 50 dan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalardan takliflar kelib tushgan. Masalan, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq sementning tannarxida – 14 foiz, asfaltda – 10 foiz, qum-shagʻal aralashmasida – 7 foizni tashkil etadi.

Shu bois noruda qazilmalarga (qum-shagʻal, ohaktosh, gips, dolomit kabi) yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. Buning hisobidan 1,5 mingga yaqin korxonalar ixtiyorida yiliga 500 milliard soʻm mablagʻ qoladi. Masalan, “Huaxin Cement Jizzakh” qoʻshma korxonasi oʻz ixtiyorida qolgan 27 milliard soʻm mablagʻni oʻz faoliyatini yanada kengaytirishga sarflashi mumkin boʻladi.

Uchinchidan, biz xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Qisqa muddatda yangi ish oʻrinlarini yaratadigan sohalardan biri ham servis sohasi hisoblanadi.

Mana, pandemiya hanuz davom etyapti va bu xizmatlar sohasi, ayniqsa, umumiy ovqatlanish va turizm korxonalari uchun qanchalik ogʻir boʻlayotganini barchamiz koʻrib turibmiz, albatta.

Bu borada umumiy ovqatlanish va turizm korxonalaridan oʻtgan yili berilgan imtiyozlarni uzaytirish boʻyicha 300 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Shu bois jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasini yil yakuniga qadar yer va mulk soligʻidan ozod qilamiz. Bu imkoniyat ularga 30 milliard soʻm qoʻshimcha koʻmak deganidir. Ularning boshqa soliqlardan mavjud 35 milliard soʻm qarzlari boʻyicha toʻlov muddatlari joriy yil yakunigacha uzaytiriladi, kreditlarini qaytarish ham kechiktiriladi.

Shu bilan birga, turizm kompaniyalari va mehmonxonalarni turistik yigʻimlardan 2 yil muddatga ozod qilsak, nima deysizlar? Bu – hozirgi qiyin sharoitda tushumi kamayib ketgan 2 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 150 milliard soʻm qoladi, degani.

Toʻrtinchidan, bugungi kunda 5 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlarining tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha debitor qarzdorligi mavjud.

Pandemiya sababli ushbu tadbirkorlarga jarima solish va hozirgi paytgacha qoʻllangan 6 trillion soʻmlik jarimalarni undirish joriy yil yakuniga qadar toʻxtatiladi.

Beshinchidan, soliq maʼmurchiligini soddalashtirish, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish yuzasidan jiddiy choralarni amalga oshirishimiz zarur.

Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab soliq idoralari oʻz elektron dasturlari orqali biznes subyektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yoʻlga qoʻyadi.

Hozirgi vaqtda 228 mingta kichik tadbirkorlarda buxgalter yoʻq. Oqibatda soliq hisobotlarini kamchiliklar bilan topshirgan 32 mingga yaqin tadbirkorga moliyaviy jarima solingan.

Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bogʻliq moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash tartibi esa toʻliq bekor qilinadi.

Shuningdek, soliq idoralari qoʻllayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani meni xavotirga solmoqda. Oʻtgan yili kameral nazorati natijasida 336 ta korxonaga 51 milliard soʻm moliyaviy jarima qoʻllangan boʻlsa, joriy yilning 6 oyida 3 mingdan ziyod tadbirkorlarga 900 milliard soʻmdan ortiq jarima belgilangan.

Shuning uchun Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov, moliya vaziri T.Ishmetov, Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.Qudbiyev, adliya vaziri R.Davletov, Biznes-ombudsman D.Qosimov bir oy muddatda soliq idoralarining kameral nazorati natijasiga koʻra moliyaviy jarima qoʻllash amaliyotini bekor qilish boʻyicha taklif kiritsin.

Oltinchidan, amaldagi tartibga binoan, tadbirkorlar qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha hisobot topshirish bilan birga, undagi farqni qaytarish uchun soliq idoralariga alohida murojaat qilishga majbur. Bu – 14 ming tadbirkorning faoliyatiga bevosita bogʻliq boʻlib, ular uchun qoʻshimcha vaqt, ortiqcha sarsongarchilik, degani.

Moliya vaziri T.Ishmetov, Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.Qudbiyev bu masalani chuqur oʻrganib, kelgusi yildan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini qoʻshimcha hujjatsiz qaytarish tartibini amaliyotga joriy etsin.

Yettinchidan, “SAG Agro” korxonasi rahbari Kamol Abdullayev va boshqa 200 dan ortiq tadbirkorlar soliq va bojxona idoralariga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻini “zachyot”ga olish, yaʼni oʻzaro hisob-kitob qilish imkoniyatini soʻragan.

“SAG Agro” korxonasining soliq bazasida 700 million soʻm ortiqcha toʻlovi boʻlaturib, bojxonada 1,4 milliard soʻm toʻlashga majbur boʻlgan. Shuning uchun kelgusi yildan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olishda soliq va bojxona idoralarining elektron bazalari oʻzaro bogʻlanadi. Yaʼni, soliq idoralarida qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha mavjud ortiqcha toʻlovlar bojxona toʻlovlarini amalga oshirayotganda ham inobatga olinadi. Ushbu yengillikdan 10 mingdan ziyod tadbirkor foydalanishi mumkin boʻladi.

Uchinchi yoʻnalish. Tadbirkorlarni eng koʻp qiynayotgan muammolardan yana biri – yer ajratish masalasi boʻyicha 4 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan.

Joriy yilda ushbu yoʻnalishda katta islohotlarni boshladik. Bu borada Oliy Majlis palatalari tomonidan maʼqullangan qonunni kuni kecha imzoladim. Bu hujjatning qabul qilinishi mamlakatimizning yangi tarixida islohotlar yoʻlidagi eng katta qadamlardan biri boʻldi, deb hech bir mubolagʻasiz ayta olamiz. Mana shu islohotlarning maʼno-mazmunini tarmoq va hudud rahbarlari ham, tadbirkorlar ham, aholimiz ham yaxshi tushunib olishlari zarur.

Birinchidan, erlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obyektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi.

Ikkinchidan, biz barcha yerlarni ikki toifaga, yaʼni qishloq xoʻjaligi yerlari va qishloq xoʻjaligiga kirmaydigan yerlarga ajratdik.

Qishloq xoʻjaligi yerlari – bizning bebaho milliy boyligimiz, bu – oziq-ovqat xavfsizligining asosi, oddiy qishloq aholisining kundalik hayoti, degani. Shuning uchun ushbu yerlar ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Tanlov – har bir yer uchastkasi boʻyicha “bu yerni olishga kim eng koʻp haqli?” degan savolga adolatli javob topish uchun oʻtkaziladi.

Bu tanlovda barcha – dehqon ham, fermer ham, agrofirma va klasterlar ham teng shartlarda ishtirok etadi.

Uchinchidan, qishloq xoʻjaligiga kirmaydigan yer maydonlari esa faqat auksion orqali sotiladi.

Biz soʻnggi bir yarim yil davomida yerlarni auksion orqali ochiq-oshkora sotish boʻyicha yetarli tajriba orttirdik. Lekin, tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, aksariyat hollarda auksionga qoʻyilgan yer maydonlari tadbirkorga maʼqul joylardan emas, balki olis, chekka hududlardan, infratuzilmasi boʻlmagan joylardan berilgan.

Yaxshi yer maydonlari esa, har xil yoʻllar bilan hokimlar qarori asosida toʻgʻridan-toʻgʻri berib kelingani ham hech kimga sir emas.

Bundan buyon yer maydonlari faqat va faqat ochiq-oshkora auksion orqali xususiy mulk sifatida sotiladi yoki ijaraga beriladi.

Koʻpchilikda “er xususiy boʻldi nima-yu, xususiy boʻlmadi nima”, degan fikr boʻlishi tabiiy, albatta. Chunki, bizda yerga nisbatan xususiy mulkchilik bekor boʻlganidan buyon 3-4 ta avlod almashdi.

Bir narsani aniq bilib olish zarur: xususiylashgani bilan yer maydonlari kamayib yoki koʻpayib qolmaydi, lekin uning bozor qiymati paydo boʻladi. Yeri bor odam haqiqiy mulkdorga, kapital egasiga aylanadi.

Toʻrtinchidan, koʻpchilik tadbirkorlarni oʻz korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri ertaga nima boʻladi, degan savollar qiynayotgani ham bor gap. Ushbu korxonalarning hozir egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida egallab turgan yer maydonlari, ularga mulk qilib rasmiylashtirib beriladi. Yaʼni, bu yerni boshqa odam sotib ololmaydi, uni xususiylashtirishga faqat yer egasining oʻzi haqli boʻladi. Bunda yerning turiga qarab, uning joylashgan hududidan kelib chiqib, yerlar imtiyozli shartlar asosida ushbu korxonalarga xususiylashtirib beriladi.

Bundan keyin tadbirkorlar yerdan yuqori likvidli aktiv va garov obyekti sifatida foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.

Oʻylaymanki, bunday yangiliklar tadbirkorlarimiz uzoq yillar kutgan tarixiy adolatni roʻyobga chiqaradi.

Beshinchidan, bundan buyon davlat mulki obyektlarini ular joylashgan yer bilan birga, yagona mulkiy majmua sifatida auksion orqali sotamiz.

Binoni sotib olgan tadbirkorlar unga biriktirilgan yerga ham xususiy mulk huquqi asosida egalik qiladi.

Tasdiqlangan dasturga qoʻshimcha ravishda yil yakuniga qadar yana 500 ta davlat aktivlari ochiq savdoga chiqariladi.

Fursatdan foydalanib, hurmatli tadbirkorlarimizni ushbu savdolarda faol ishtirok etishga chaqiraman.

Oltinchidan, bundan keyin yangi yer maydonlarini auksionga chiqarishdan oldin har bir hududni rivojlantirish boʻyicha aniq rejani tuzib olishimiz zarur.

Koʻplab taraqqiy topgan davlatlar tajribasini oʻrganganimizda, birorta mamlakatda yer maydonlarini rejasiz berib yuborish mumkin emasligiga guvoh boʻldik. Oldin aniq hudud tanlab olinib, uning “master-plani” ishlab chiqiladi.

Qayerda – uy, qayerda – maktab, qayerda – ishlab chiqarish boʻlishi aniq belgilanib, infratuzilmalar yaratish rejasi tuziladi. Shundan keyingina yer uchastkalari aniq loyiha bilan savdoga chiqariladi.

Shuning uchun viloyat hokimlari kadastr va arxitektura idoralari bilan birga, ushbu tajriba asosida ishlarni tashkil etishlari, aniq hududni belgilab, rejasini tasdiqlab, keyin yerlarni auksionga qoʻyishlari lozim.

Shuningdek, har bir viloyatda maxsus jamgʻarmalar tashkil etiladi va yer maydonlarini sotishdan tushgan mablagʻ toʻliq tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirilib, tadbirkorlar uchun infratuzilma yaratish va rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov, viloyat hokimlari va iqtisodiy kompleks bilan birga, joriy yil 1 noyabrga qadar har bir hududda kamida mingtadan yer maydonini sotuvga chiqarsin. Shuningdek, magistral yoʻllar boʻyida loyiha asosida har bir hududdan kamida 200 tadan yer maydoni auksionga qoʻyiladi.

Toʻrtinchi yoʻnalish. Biznes uchun zarur boʻlgan infratuzilma muammolarini 3 mingga yaqin tadbirkorlar koʻtargan.

Masalan, Sirdaryoda “Gulistan Gold Yarn” korxonasi (Sherzod Toshpoʻlatov) uzoq muddatdan beri elektr tarmogʻiga ulana olmagan. Vaholanki, ishlab chiqarish asbob-uskunalari va oʻz hisobidan transformatorgacha olib kelgan. Unga ozgina yordam berilsa, korxona 600 ta yangi doimiy ish oʻrni yaratishga tayyor.

Bunday mazmundagi murojaatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax, Fargʻona viloyatlaridan koʻplab kelib tushgan. Shuning uchun, birinchidan, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 200 milliard soʻmga teng loyihalar boʻyicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yoʻl infratuzilmasi bilan bogʻliq masalalarni hal etish toʻliq davlatning zimmasida boʻladi. Bunday imtiyoz, hozirgi kungacha faqatgina 50 million dollardan oshadigan xorijiy investorlar loyihalariga qoʻllanib kelinmoqda.

Ikkinchidan, kelgusi 2 yilda mamlakatimiz boʻyicha qoʻshimcha 200 ta sanoat zonasi tashkil etiladi. Ularning har biriga kamida 15 ta korxonani joylashtirish moʻljallanib, elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlariga ulanish va yoʻl infratuzilmasini yaratish toʻliq davlatning zimmasida boʻladi. Ushbu maqsadlar uchun kelgusi yilda davlat byudjetidan 2 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.

Bosh vazir oʻrinbosarlari J.Qoʻchqorov va S.Umurzoqov, viloyat hokimlari bilan birga, shu yil 1 noyabrga qadar sanoat zonalarining joylashuvi va aniq loyihalar boʻyicha takliflarini tayyorlasin.

Bunday chora-tadbirlar Surxondaryo, Buxoro, Xorazm, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi hududiy sanoatdagi ulushi ancha past boʻlgan ayrim tumanlar uchun juda katta imkoniyat yaratadi.

Uchinchidan, elektr energiyasidagi uzilishlar koʻpchilik tadbirkorlarimizni bezovta qilayotgani ham ayni haqiqat.

Bu masala boʻyicha har bir tuman, shahar va mahalla kesimida alohida dasturlar amalga oshirilmoqda. Masalan, joriy yil 1 noyabrgacha 4 mingta transformatorni almashtirish, 35 ta podstansiya, 15 ming kilometr elektr tarmoqlarini yangilash ishlari yakuniga yetkaziladi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun joriy yilning oʻzida ilk bor 3 trillion soʻm mablagʻ ajratganmiz. Holbuki, oldingi yillarda bu ishlarning 10 foizi ham boʻlmagan.

Agar tahlil qilib koʻrsak, soʻnggi 5 yilda elektr energiyasi isteʼmolchisi boʻlgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning isteʼmol hajmi 30 foizga oshgan. Shu bois elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish maqsadida tariximizda ilk bor bu sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va xususiy biznes kirib keldi. Natijada shu yil yakuniga qadar toʻliq xususiy investitsiyalar hisobidan umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt boʻlgan 8 ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Energetika vazirligi kelgusi yillarda bu kabi loyihalarni keskin koʻpaytirib, 2023 yilga qadar elektr energiyasi boʻyicha qoʻshimcha ishlab chiqarish quvvatlarini 4 ming 400 megavattga oshirishi shart.

Toʻrtinchidan, elektr tarmoqlariga ulanishdagi jarayonlarning murakkabligi, muddatlarning uzoqligi va xarajatlarning yuqoriligi tadbirkorlarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Masalan, isteʼmolchilarning 75 foizi 20 kilovattgacha quvvatli elektr ishlatadigan kichik sexlar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari hisoblanadi. Lekin ularga ham xuddi yirik korxonalar bilan bir xil talablar qoʻyilgan.

Misol uchun, oddiy savdo doʻkonini elektr tarmogʻiga ulash uchun 4 ta bosqichdan oʻtish, 7 million soʻm xarajat va bunga kamida bir oy vaqt talab etiladi.

Energetika vazirligi tomonidan kelgusi yil boshidan ushbu masalada yangi qulay tizim joriy etiladi. Bunda elektr tarmogʻiga ulanish toʻliq elektron platformaga oʻtkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi.

Tadbirkorlarni elektr tarmogʻiga ulash muddati 20 kilovattgacha boʻlgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi.

Agar elektr taʼminoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, ular tadbirkorlarga kompensatsiya toʻlaydi. Bu ishlar Davlat xizmatlari markazlari orqali tashkil etilib, muntazam nazorat qilib boriladi.

Umuman, tadbirkorlarni kerakli hajmda energiya resurslari bilan taʼminlash masʼuliyati va javobgarligi Energetika vazirligi zimmasiga yuklanishini qonun bilan mustahkamlab qoʻyamiz.

Beshinchi yoʻnalish. Eksportyor korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga keng jalb etish borasida ham boshlagan islohotlarimiz qatʼiy davom ettiriladi.

Birinchidan, oʻtgan yili pandemiya davrida toʻqimachilik korxonalariga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarib berish tartibi amalda oʻz samarasini berdi.

Oʻtgan yili 482 ta korxonaga qariyb 2 trillion soʻm qaytarilgan. Bu yangilik ham yangi tariximizda birinchi marta boʻlyapti. Joriy yil 1 oktyabrdan ushbu tartib barcha tarmoqlarning halol ishlaydigan va intizomli boshqa eksportyorlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Ikkinchidan, koʻplab eksport qiluvchi korxonalarning asosiy muammolaridan biri, bu – aylanma mablagʻ yetishmasligidir.

Ushbu masalani 300 dan ziyod tadbirkorlardan kelib tushgan murojaatlarida ham koʻrish mumkin. Shuning uchun oʻtgan yili Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilib, eksport uchun 1 million dollargacha moliyalashtirish mexanizmlari yoʻlga qoʻyildi. Bu tizimdan 200 ta korxona unumli foydalanib, qoʻshimcha 210 million dollarlik mahsulotlarini chetga eksport qildi. Endi bu imkoniyatlar yanada kengaytirilib, yiliga 20 million dollardan ortiq eksport qiluvchi korxonalarga 5 million dollargacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Uchinchidan, koʻplab tadbirkorlar yuqori sifat va nazorat tizimiga ega boʻlgan mamlakatlardan (Yevropa Ittifoqi, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi) sertifikatlangan asbob-uskuna va xomashyolarni olib kelganida, milliy sertifikat olish talabi mavjudligini eʼtiroz sifatida qayd etishgan. Masalan, asbob-uskunalar va xomashyoga sertifikat olishda 2-3 million soʻm xarajat, 5-10 kun muddat talab etiladi.

Shu bois Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzoqov boshchiligidagi komissiya bir oy muddatda bunday davlatlar roʻyxatini shakllantirib, ularda sertifikat berilgan asbob-uskuna va xomashyolarga milliy sertifikat olish amaliyotini bekor qilish boʻyicha qaror loyihasini kiritsin.

Toʻrtinchidan, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish hamda tannarxni kamaytirish maqsadida bojxona bojlari 2 barobar pasaytirilganidan barchangiz xabardorsiz.

Shu bilan birga “Milk Euro Food” (Toshkent viloyati), “SDK Group And” (Andijon), “Wooll Teks Inter” (Toshkent shahri) kabi korxonalar tomonidan hozirgi kunda olib kelinayotgan xomashyo importi uchun boj stavkalari tayyor mahsulotga qaraganda yuqori ekani qayd etilgan. Yaʼni, baʼzi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishdan koʻra, chetdan olib kelish tadbirkorga arzonroq boʻlmoqda.

Shuning uchun Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzoqov boshchiligidagi Hukumat komissiyasi bir oy muddatda xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish boʻyicha qaror loyihasini kiritsin.

Oltinchi yoʻnalish. Mahsulotlarimiz raqobatbardosh boʻlishi, yangi bozorlarga chiqishi, umuman, hududlararo savdo va kooperatsiya aloqalarini bogʻlashda transport-logistika masalalari muhimligini sizlar hammadan yaxshi tushunasizlar.

Bu borada transport koridorlarini rivojlantirish, yuklarni bojxona orqali oʻtkazishni soddalashtirish va raqamlashtirish, transport xarajatlarini qisman qoplash tizimini yoʻlga qoʻydik. Bu tizim orqali, yil boshidan buyon 3 mingdan ziyod eksportyorlarga 200 milliard soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatilgani tufayli qariyb 800 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Yil yakuniga qadar ushbu korxonalar tomonidan eksport hajmini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha tizimli ishlarni izchil davom ettiramiz.

Buning uchun, birinchidan, yuk avtomobillarini olib kirishga 2 yil avval bojxona imtiyozlari berganimiz hisobidan avtotransportda tashish xizmatlari 2 barobar arzonlashdi, yuk hajmi esa, 1,5 marta oshdi. Lekin bu imtiyoz 4 oydan keyin tugaydi. Shu bois 40 dan ziyod tadbirkorlar ushbu bojxona imtiyozlarini uzaytirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirgan. Ayni shuni inobatga olib, imtiyozlarni yana 3 yilga uzaytirish boʻyicha kuni kecha yangi qarorni imzoladim.

Ikkinchidan, “Polvontosh” (Surxondaryo), “Afrosiyob Parranda” (Samarqand) korxonalari rahbarlari ichki va tashqi temir yoʻl tariflari oʻrtasida katta farq borligi, yaʼni xalqaro tashuvlar narxi ancha yuqori ekanini bildirganlar.

Shu bois Transport vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birga, ikki oy muddatda temir yoʻl tariflarini qayta koʻrib chiqsin. Bunda tadbirkorlarga oʻzimizda ishlab chiqarilmaydigan xomashyo importi uchun amaldagi tariflar kamida 25 foiz arzon boʻlishi kerak.

Shuningdek, Transport vazirligi kelgusi yil 1 yanvardan boshlab har bir xizmatning tannarxi va uning tarkibini keng jamoatchilikka eʼlon qilib boradi.

Uchinchidan, temir yoʻl sohasida kelgusi 5 yil uchun 7 mingdan ziyod yuk vagonlariga ehtiyoj mavjud. Bu muammoni davlat tomonidan emas, balki xuddi elektr energiyasi yoki sement ishlab chiqarishda boʻlganidek, faqat va faqat xususiy sektorni jalb etish orqali ijobiy hal qilish mumkin.

Shuning uchun kelgusi yilda oʻz vagoni va konteyneriga ega boʻlgan xususiy logistika operatorlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va tariflar ikkiga ajratiladi. Bunda davlat tomonidan faqatgina temir yoʻl infratuzilmasi hamda lokomotiv xizmatlari tartibga solinadi, yuk vagonlari xizmati esa bozor tamoyillari asosida tashkil qilinadi. Shu sababli xususiy tadbirkorlarga temir yoʻl vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.

Yettinchi yoʻnalish. Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirish, xususiy mulk daxlsizligi borasidagi siyosatni qatʼiy davom ettiramiz.

Avvalo, bugungi kunda, tadbirkorlar uchun nazarda tutilgan subsidiyalar olish jarayoni oʻta murakkabligicha qolmoqda.

Tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 80 dan ortiq subsidiyalar joriy etildi. Oʻtgan davrda ularga 2,3 trillion soʻm ajratildi. Lekin maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, muqobil energetika, baliqchilik, parrandachilik, qorakoʻlchilik kabi 10 dan ziyod sohalarda subsidiyalar ishlamayapti.

Mazkur masala Fargʻonadagi “Yulduzchalar ziyosi” xususiy bogʻchasi rahbari Ziyoda Qosimova tomonidan ham koʻtarilgan. Bunga sabab – ushbu subsidiyalarni toʻlash tartibi murakkab va raqamlashmagan. Tadbirkor subsidiyani olish uchun oʻrtacha 5 ta hujjatni taqdim etishi, 10 ta vazirlik va idoradan xulosa olishi zarur. Bunga kamida bir oy ketadi.

Bundan tashqari, 60 foiz chorvadorlar subsidiya olish jarayonini murakkab deb hisoblaydi. Shu bois kelgusi yil 1 yanvardan boshlab subsidiyalarni ajratish boʻyicha murojaatlar “yagona darcha” tamoyili asosida qabul qilinadi, bu jarayonda ishtirok etadigan davlat idoralari soni 2-3 barobar qisqartiriladi.

Ikkinchidan, oʻtgan bir yilda tadbirkorlardan talab qilinadigan 400 dan ortiq litsenziya yoki ruxsatnomalardan 114 tasini bekor qildik. Shuningdek, litsenziya va ruxsatnoma talab etiladigan 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga oʻtkazildi. Hozir 30 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar “onlayn” tarzda berilmoqda.

Kelgusi yildan boshlab tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun barcha ruxsat etuvchi hujjatlar “onlayn” tarzda rasmiylashtiriladi. Joriy yil yakuniga qadar litsenziya yoki ruxsatnomalar soni yana kamida 30 foizga qisqartiriladi.

Uchinchidan, Sirdaryo viloyatidagi “Wang Da Group” qoʻshma korxonasi rahbari Goʻzal Tojimirzayeva va metallurgiya sohasidagi 30 dan ziyod boshqa tadbirkorlarimiz induksion pechlardan foydalanishga ruxsat berilishini soʻraganlar. Ushbu murojaatlarni inobatga olib, shu yil 1 noyabrdan barcha texnik talablarga toʻla javob beradigan, zamonaviy induksion pechlardan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilinadi. Bunda mahsulot sifatini taʼminlash, ishlab chiqarishning yagona standart va xavfsizlik talablariga toʻla javob berishi kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Toʻrtinchidan, tadbirkorlar faoliyatida oʻtkaziladigan har qanday tekshirish, monitoring va nazorat tadbirlarida adolat mezonlari va qonun ustuvorligi taʼminlanishi shart. Buning uchun Savdo-sanoat palatasiga tadbirkorning roziligi bilan barcha tekshirishlarda ishtirok etish va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish vakolati beriladi.

Beshinchidan, bugungi kunda mahalliy hokimliklar bino va inshootlarning buzilishi boʻyicha 349 nafar tadbirkordan 123 milliard soʻm qarzdor.

Barcha viloyat hokimlarini ogohlantiraman: shu yil 1 sentyabrga qadar tadbirkorlar bilan barcha hisob-kitoblar yakuniga yetkazilishi, bir soʻm ham qarzdorlik qolmasligi shart.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Sizlar bildirgan muammo va takliflar boʻyicha yuqorida qayd etilgan tashabbus va yechimlar yuzasidan qisqa muddatda tegishli qarorlar qabul qilinadi.

Bugun men sizlarning ana shu masalalarga oid yana qanday fikr-mulohazalaringiz, qoʻshimcha taklif va savollaringiz boʻlsa, eshitish va muhokama qilishga tayyorman.

Qadrli tadbirkor va ishbilarmonlar!

Biz yaqin yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirish boʻyicha oldimizga katta vazifalarni qoʻymoqdamiz. Ularni hal etishda koʻp millatli xalqimiz qatori, hech shubhasiz, mard va olijanob tadbirkorlarimizga tayanamiz.

Albatta, Yangi Oʻzbekistonni qurishdek buyuk tarixiy jarayonda siz, hurmatli tadbirkorlar zimmasida ham masʼuliyat va islohotlarimizga nisbatan daxldorlik tobora ortib bormoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Shu borada quyidagi masalalarni alohida taʼkidlab aytmoqchiman.

Birinchidan, biz hozirgi keskin raqobat davrida, kichik biznesga har tomonlama sharoit yaratish bilan birga oʻrta va yirik biznesni yanada rivojlantirish tarafdorimiz.

Shu maqsadda tadbirkorlarimizga biznesni boshqarishdagi oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirishi, faoliyatiga innovatsiya va ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishga tayyormiz.

Ikkinchidan, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mahsulot turini koʻpaytirish va sifatini yaxshilash, mavjud quvvatlardan yanada samarali foydalanishimiz zarur.

Ayniqsa, mis va gaz-kimyo sanoatlari kabi, qishloq xoʻjaligining oziq-ovqat, meva-sabzavot, baliqchilik, chorvachilik tarmoqlarida klaster va kooperatsiya tizimini rivojlantirish boʻyicha katta imkoniyat va resurslarimizni ishga solishimiz kerak.

Uchinchidan, ishlab chiqarishning barcha yoʻnalishlari boʻyicha faollikni kuchaytirish, buning uchun import oʻrnini bosadigan va eksportbop mahsulotlarni koʻpaytirish orqali, eksport hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirishimiz lozim.

Toʻrtinchidan, zamonaviy xizmat turlarini koʻpaytirish, “IT”, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa yoʻnalishlarda davlat xizmatlarini autsorsing asosida tashkil etishda ham xususiy sektor faol ishtirokchi va yetakchi boʻlishi shart.

Beshinchidan, biznes vakillari ham oʻz kadrlari zamonaviy bilim olishlari uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishlari zarur.

Oliygohlarda oʻqitilayotgan tadbirkorlik va biznesni boshqarish boʻyicha taʼlim yoʻnalishlari, oʻquv dasturlari va metodologiyasini, amaliyot bilan uygʻun boʻlgan zamonaviy yondashuvlar asosida chuqur qayta koʻrish talab etiladi.

El-yurtga tanilgan, tajribali tadbirkorlarimiz maktab, kasb markazlari, oliygohlarda motivatsiya va mahorat darslari oʻtkazib borsalar, oʻzlarining maktablarini, oʻquv markazlari va bazalarini tashkil etsalar, maqsadga muvofiq boʻladi. Misol uchun, aka-uka Hasan, Husan Mamasaidovlar bu borada ijobiy tajribaga ega. Buning uchun davlat tomonidan albatta subsidiya va boshqa yengilliklar beriladi. Shunda sanʼatkorlar, olimlar, sportchi va shifokorlar oʻrtasida boʻlgani kabi tadbirkorlarimiz orasida ham yangi sulolalar shakllanadi.

Men yangi Oʻzbekistonda ana shunday koʻplab tadbirkorlar sulolalari paydo boʻlishiga albatta ishonaman va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorman.

Oltinchidan, halol tadbirkor, intizomli soliq toʻlovchilar safini kengaytirish dolzarb vazifa boʻlib, bu – yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashning eng maqbul yoʻlidir.

Joriy yildan boshlab, ish oʻrni yaratishda, innovatsiyalarni tatbiq etishda, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlashda, eksport qilishda, yetuk mutaxassislar tayyorlashda barchamizga namuna boʻladigan biznes vakillari haqida har yili “Yilning ilgʻor tadbirkorlari” kitobi chop etib boriladi. Bunday tadbirkorlarimizni munosib taqdirlash va ragʻbatlantirish uchun alohida davlat mukofotlarini ham taʼsis etamiz. Bundan buyon tadbirkorlarning oʻz orden va medallari ham boʻladi.

Aziz vatandoshlar, biznes hamjamiyati vakillari!

Oʻylaymanki, bugungi ochiq muloqotimiz barchamiz uchun juda foydali boʻldi.

Qanchadan-qancha masala va muammolarni samarali hal etish boʻyicha sizlar bilan amaliy yechimlarni topdik. Eng muhimi, oʻrtamizdagi oʻzaro ishonch va hurmat yanada mustahkamlandi. Sizlar koʻtargan dolzarb masalalar, ularni hal qilish boʻyicha berilgan aniq takliflardan koʻrinib turibdiki, tadbirkorlarimizning bilim va saviyasi keskin oʻsgan, dunyoqarashi oʻzgargan, ish uslubi va innovatsion yondashuvlari bugun mutlaqo boshqacha.

Men bundan juda ham mamnun boʻldim.

Bugungi tajribamizdan kelib chiqib, ushbu uchrashuvlarni har yili tashkil etsak, buni yaxshi bir anʼanaga aylantirsak, sizlarga maʼqulmi?

Shu munosabat bilan bugungi sanani, yaʼni 20 avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb eʼlon qilib, uni har yili yurtimizda keng nishonlasak, bu tashabbusga nima deysizlar?

Ushbu taklifni qoʻllab-quvvatlaganlaringiz uchun sizlarga katta rahmat!

Endi har yili aynan shu kuni Prezidentning biznes va ishbilarmon doiralar vakillari bilan ochiq muloqoti oʻtkaziladi. Bir yillik ishlarimiz natijalari sarhisob qilinib, eng ilgʻor biznes vakillari aynan shu kuni davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Hurmatli tadbirkorlar!

Ishonchim komil, bugun boshlangan yangi anʼanamiz tadbirkorlik sohasida yil davomida ishlaydigan samarali tizimga aylanadi. Bunga Xalq qabulxonalari va Bosh vazir qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman va joylarda hokimlar masʼul boʻladi. Shuningdek, yangi tashkil etilgan Strategik rivojlanish agentligi tadbirkor va investorlarni qiynayotgan muammolarni, yuqorida nomlari qayd etilgan idoralar bilan birga tizimlashtiradi va ularni hal etish uchun aniq takliflar ishlab chiqib, Hukumat va Prezidentga kiritib boradi.

Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlik va idora rahbarlari, hokimlar har hafta oʻzlari masʼul boʻlgan hududlarga chiqib, avvaldan eʼlon qilingan grafiklar asosida tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning muammo va masalalarni yechishga koʻmaklashadi.

Takror va takror aytaman, ishning koʻzini biladigan, odamlarga mehnat qilish va daromad topish uchun sharoit yaratadigan, vatanparvar hamda fidoyi tadbirkorlarni biz doimo boshimizga koʻtaramiz.

Prezidentning talabi va boshlagan islohotlarimizning asl maʼno-mazmuni ham aynan shundan iborat.

Barchamiz ana shu talab asosida ishlasak, mehnat qilsak, albatta mamlakatimizda tadbirkorlik rivoji mutlaqo yangi bosqichga koʻtariladi.

Men bunga ishonaman va barchangizni shu yoʻlda oʻzaro birlashish va hamjihatlikda harakat qilishga chaqiraman.

Aziz yurtdoshlarim!

Fursatdan foydalanib, Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik qutlugʻ bayrami bilan sizlarni chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik va oilaviy baxt tilayman.

Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yoʻlidagi ezgu va xayrli ishlaringizda, sizga hamisha omad va zafar yor boʻlsin!

Barchangizga katta rahmat!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.