Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash, iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi turli yosh toifalari oʻrtasida musobaqalar oʻtkazib kelmoqda.
30 mart kuni Samarqand shahridagi yakkakurash turlariga ixtisoslashgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan 400 nafarga yaqin kadetlar oʻrtasida Oʻzbekiston kubogi bahslari boshlandi. 2004-2006 yillarda tugʻilgan oʻsmir-qiz 10 ta vazn toifasida dayanga tushishyapti.
Samarqandga tashrif chogʻida Assotsiatsiya bosh kotibi Abbos Latipov viloyatdagi taekvondo bazalari bilan yaqindan tanishdi, murabbiy va sportchilarning yutuq va muammolarini oʻrgandi, ularni bartaraf etish boʻyicha topshiriq va koʻrsatmalar berdi. Shuningdek, musobaqaning oʻtkazilish jarayoniga ham bevosita guvoh boʻldi. Kubok bellashuvlari 31 mart kuni yakuniga yetadi.