Ispaniya qirolligiga qarashli Kanar orollarida 3 iyul kuni triatlon boʻyicha harbiylar oʻrtasida IRONMAN LANZAROTE jahon chempionati boʻlib oʻtdi. Bugun erta tongda mazkur musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, sportimizda yana bir tarixiy natija – yakkalik yoʻnalishda oltin, jamoaviy bahsda kumush medal qoʻlga kiritgan qahramonlarimiz Toshkentga qaytib kelishdi.
Delegatsiyamizni tantanali kutib olish marosimida MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Farruh Nosirov, Mudofaa Vazirligi mutasaddilari va koʻp sonli OAV ishtirok etishdi. Mutasaddilarimiz atletlarimizni qarshi olishar ekan, ularning qoʻlga kiritilgan dastlabki yirik yutuq bilan qutlab oʻtishdi.
Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi rahbariyatining soʻnggi 1.5 yil ichida olib borgan keng koʻlamdagi ishlari sekin-asta meva bera boshladi. Ushbu musobaqa IRONMAN LANZAROTE triatlonning eng murakkab yoʻnalishlaridan biri boʻlib, unda sportchilar tom maʼnoda oʻz irodalarini namoyish etishadi.
Reglamentga koʻra, ushbu dasturda sportchilar dastlab Atlantika okeanida 3,8 km masofaga suzishdi. Soʻng orolning togʻli hududlari boʻylab 180,2 km yoʻlni velosipedda bosib oʻtishdi. Yakunda esa marafon (42,195 km) yoʻnalishida yugurishdi. Mazkur masofalar hech qanday dam olishsiz, bir vaqtning oʻzida bosib oʻtilishini inobatga olsak, finishgacha yetib kelishning oʻzi gʻalabaga teng deyish mumkin. Ayollar oʻrtasida 18-24 yosh vakillari orasida ishtirok etgan yurtdoshimiz Alina Hakimova oʻz toifasida oltin medalga sazovor boʻldi. Triatlonchimiz yuqorida koʻrsatib oʻtilgan dasturni 10 soat, 53 daqiqayu 14 soniyada bosib oʻtishga muvaffaq boʻldi. Shuningdek, bu ayollar oʻrtasida umumiy klassifikatsiyada oltinchi koʻrsatkich ham demakdir. Musobaqada jamoamiz umumiy hisobda kumush medallarga sazovor boʻldi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi mamlakat triatlon federatsiyasini qoʻlga kiritilgan ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab, triatlonchilarimizning kelgusi faoliyatida ham ulkan zafarlar tiladi.
gujum.uz