«Tashkent book fest – 2019» 1-Xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi

0
183
marta koʻrilgan.

 “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va bir qator manfaatdor vazirlik, idoralar bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan «Tashkent book fest – 2019» 1-Xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi uch kun davom qildi va turli tadbirlarga boy boʻldi.

Tadbirning ochilish marosimida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov,  Qozogʻiston madaniyat va sport vazirligi til siyosati qoʻmitasi raisi Galimjan Meldeshov, Rossiya kitob noshirlari assotsiatsiyasi prezidenti Konstantin Chechenovlar soʻzga chiqdi va ishtirokchilarni tabrikladi.

Koʻrgazma-yarmarkaning ilk kunida milliy adabiyotimizning yorqin namoyandasi Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanining audio talqini taqdimoti boʻlib oʻtdi. Eʼtiborli jihati shundaki, asar hech qanday tahrir va oʻzgartirishlarsiz, adib qalamiga mansub matn asosida ovozlashtirilgan. «Novda Edutainment» va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida amalga oshirilgan audioroman davomiyligi 17 soatu 36 daqiqa. Asar 2 oy davomida 57 nafar malakali aktyor va ovoz ustalarining tinimsiz mehnatlari samarasida bugun kitobsevarlarga taqdim etildi.

Koʻrgazma-yarmarka doirasida, shuningdek, bolalar maydonchasida intelektual viktorina, yorma va urugʻlar yordamida applekatsiyalar yasash, Muhammad Yusuf ijodiga bagʻishlangan mushoira, “Zakovat” savol-javoblar tanlovi, Ibrohim Gʻafurovning “Mehr quyoshi” asari taqdimoti, Germaniyadagi nemis-oʻzbek ilmiy jamiyati raisi, Oʻzbekiston nemis tili oʻqituvchilari assotsiatsiyasi raisi, professor Xurram Raximovning Aka-uka Grimmlar «Oltin sochli bolalar» kitobi taqdimoti va yana bir qator teatr sahnalari, sovrinli tanlovlar,  shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Bundan tashqari, nodir kitoblar tarixi bilan bogʻliq  «Abru-bahor” sanʼati yoʻnalishi, “Sahhoflik” (muqovasozlik) kitoblarni bezash sanʼati va restavratsiya, xattotlik, miniatyura sanʼati, Samarqand ipak qogʻozini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.

Koʻrgazma-yarmarkada 16 mamlakatdan noshirlik va kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar, shuningdek, yurtimiz nashriyotlari, bosma nashrlari va kitob doʻkonlari ishtirok etishdi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.