«Tashkent book fest – 2019» 1-Xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi doirasida oʻtkazilgan tanlovda “TAFAKKUR QANOTI” nashriyoti “Eng yaxshi taqdimot tadbiri uchun” yoʻnalishining gʻolibi boʻldi.
Ushbu nashriyot koʻrgazmada nafaqat oʻz kitoblarini namoyish etdi, balki, chop etilgan kitoblarning mualliflari bilan uchrashuvlar va ularning asarlari asosida sahnalashtirilgan tadbirlar oʻtkazdi.
Jumladan, oʻzbekistonlik rus tilida ijod qiluvchi bolalar adabiyoti yozuvchisi, shoira, tarjimon Larisa Yusupovaning “Skazka loj, no v ney namek, dobriʼm molodsam urok” nomli kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi.Tadbirni adabiyotshunos olim, professor Nasirulla Mirqurbanov qisqa kirish soʻzi bilan ochdi. Asar asosidagi bir soatlik dasturni sahna ustasi rejisser Viktor Ratushniʼy sahnalashtirdi. Unda opera solistlari va S. Katsatkina rahbarligidagi “Jemchujina” nomli bolalar estrada-xoreografiya jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirda maktab oʻquvchilarining faol ishtiroki ham eʼtiborga olingan boʻlib, ular taqdimot asaridan sheʼrlar yod olishdi.
Shuningdek, Shuhratjon Oxunjonov hamda yosh ijodkor Shuhrat Xoʻjayevning «Farishta va Yalmogʻiz» nomli kitobining taqdimoti ham uyushtirildi.
Ushbu ertak-qissa «Ming bir kecha» ertaklari, oʻzbek ertaklari hamda hozirgi zamon fan va texnika taraqqiyotidan ilhomlanib yozilgan sarguzashtlarga boy asar boʻlib, uni yosh avlod tarbiyasining dolzarb masalalari badiiy talqin etilgan sehrli ertaklar guldastasi deyish mumkin.
«Farishta va Yalmogʻiz» ertak-qissasida bolajonlarga bir-biridan qiziq, ibratli voqealar orqali sof vijdon, halollik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, aldamaslik, jabr-zulmdan yiroq boʻlish, gunoh va savob ishlarning oqibatlarini tushuntirish orqali bolajonlarni maʼrifatga chorlaydi.
Asarga oid tomoshalarni Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoshidagi “Turon” teatr studiyasi rejisseri Sayfiddin Meliyev sahnalashtirdi.
Mehnatlari munosib taqdirlangan “TAFAKKUR QANOTI” nashriyoti ijodkorlarini tabriklab, yanada ulugʻvor ijodiy yutuqlar tilaymiz.
Raʼno ZARIPOVA