Joriy yilning 25 aprel kuni Toshkentda mamlakatimiz tarixida ilk bor «Tashkent Law Spring» xalqaro yuridik forumi boshlanadi, deya xabar beradi Adliya Vazirligi matbuot xizmati.
Forum yurisprudensiya sohasidagi mingdan ziyod vakillar, jumladan dunyoning 40 mamlakati (AQSH, Angliya, Avstriya, Avstraliya, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Fransiya, Niderland, Shveysariya, Polsha, Kanada, Moldova, Belarus, Ukraina, Malta, Latviya, Litva, Rossiya, Gruziya, Saudiya Arabistoni, BAA, Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Shri-Lanka, Qozogʻiston, Afgʻoniston va h.k) dan qariyb 240 delegatlarni birlashtiradigan muhokama maydonchasiga aylanadi.
Taʼkidlash joizki, ushbu ahamiyatli anjumanda Koreya Respublikasi, Singapur, Rossiya, Afgʻoniston, Belarus, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Shri-Lanka davlatlarining adliya vazirliklari va qonunchilik tizimi, dunyoning yetakchi arbitraj markazlari rahbariyati ham ishtirok etadi.
«Tashkent Law Spring» dasturini tuzishda espertlar va spikerlar faol qatnashdi. Forumning tashkiliy qoʻmitasi yuzlab arizalar va takliflarni koʻrib chiqdi. Forumning amaliy dasturi “Sifatli boshqaruv”, “Sud ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilish”, “Faol investitsiyaviy siyosat” yoʻnalishlari boʻyicha 17 ta sessiyani oʻz ichiga oladi.
“Sud ekspertizasi” va “Notariat” mavzulariga oid ikkita davra suhbati, Oʻzbekiston investitsiya muhiti, davlat xizmatlari va fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish sohasidagi islohotlar boʻyicha taqdimotlar, “Yuridik kompaniya boshqaruvi: muvaffaqiyat sirlari” va “Investitsiya loyihalarini boshqarish” boʻyicha mahorat darslari oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, “Yilning eng yaxshi advokati”, “Yilning eng yaxshi adovakatlik tuzilmasi”, “Eng yaxshi korporativ yuridik xizmat” kabi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblarni taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtadi.
«Tashkent Law Spring» xalqaro yuridik forumi shu tariqa, yirik professional bayramga aylanishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlarning yurisprudensiya sohasi vakillari jonli muloqot va qulay sharoitlarda dunyodagi murakkab va qiziqarli masalalarni, bugungi kunda sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va ularga qaratilgan chaqiriqlar boʻyicha muhokama qilish imkoniga ega boʻladilar.
Poytaxtimizda boʻlib oʻtadigan mazkur tadbir jarayonlarini yoritish uchun milliy va xorijiy OAV larning 90 nafardan ortiq vakillari akkreditatsiyadan oʻtdi.
Forum Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda. AQSHning xalqaro rivojlanish boʻyicha agentligi (USAID) va BMTning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot dasturi (UNDP) tadbirning asosiy homiylaridir.