Poytaxtimizda taekvondoning WT yoʻnalishi boʻyicha kadetlar oʻrtasida jahon chempionati start oldi.
“Universal” sport saroyi mezbonlik qilayotgan ushbu musobaqa ochilishi marosimidan avval jahon taekvondo federatsiyasi rahbari Chung Von Choy hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda, Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ham ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida yurtimizda taekvondo sporti taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish, diyorimizda bu kabi yirik xalqaro musobaqalarni koʻproq oʻtkazish kabi masalalar xususida muzokara olib borildi. Shuningdek, Chung Von Choy Oʻzbekiston Milliy universitetida taekvondo fakultetining tashkil etilishi va sportchilarimiz xalqaro maydonda qayd etayotgan natijalar Prezidentimiz tomonidan ushbu sportga koʻrsatilayotgan katta eʼtibor namunasi ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Uchrashuv yakunida Aziz Abduhakimov martabali mehmonga esdalik sovgʻalarini topshirdi.
Shundan soʻng barchaning nigohi musobaqaning tantanali ochilish marosimiga qaratildi. Unda Chung Von Choy va Aziz Abduhakimov soʻzga chiqib, ushbu jahon chempionatining yuqori saviyada tashkil etilganligiga alohida urgʻu berib oʻtishdi.
Martabali mehmonlar tomonidan musobaqa ochiq deb eʼlon qilingach, anʼanaga muvofiq murabbiy va hakamlar nomidan bir nafardan vakil soʻzga chiqib, bellashuv davomida halol raqobat olib borishga qasamyod qabul qilishdi.
Shundan soʻng marosimning badiiy qismiga navbat berildi. Unda Janubiy Koreyadan kelgan yosh taekvondo jamoasi oʻzlari tayyorlab kelgan chiqishlar bilan muxlislar olqishiga sazovor boʻldilar. Shuningdek, oʻzbek-koreys madaniyatini birlashtiruvchi kuy-qoʻshiq va raqslar ham tomoshabinlarning diqqat-markazida boʻldi.
Tantanali ochilish marosimidan keyin musobaqaning birinchi kun dasturidan oʻrin olgan final janglari boshlandi.