Tashrif doirasida yigirma ikkita hujjat imzolandi

0
99
marta koʻrilgan.

Oʻtgan haftada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Uchrashuv Koʻksaroy qarorgohida davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari bilan boshlandi. Unda Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Uchrashuv avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor tabriklab, qirgʻiz xalqining farovonligi yoʻlida olib borayotgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Muloqotda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Koʻplab masalalar boʻyicha tomonlarning pozitsiyasi bir xil ekani namoyon boʻldi.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. 

Muzokaralarda asosiy eʼtibor ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi. 

Taʼkidlash kerakki, bu boradagi koʻrsatkichlar ijobiy dinamikaga ega. Xususan, soʻnggi toʻrt yilda oʻzaro savdo besh barobardan ziyodga oʻsgan va 900 million dollardan oshgan.

Davlat rahbarlari oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish strategik sheriklikning ustuvor yoʻnalishi ekanini taʼkidladi. Savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish va nomenklaturasini kengaytirish orqali kelgusi yillarda uning hajmini ikki barobar koʻpaytirish imkoniyati borligi qayd etildi.

Shu maqsadda ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir boʻlgan, shu jumldan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar yetkazib berish, tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlashga kelishib olindi. Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya muhim oʻrin tutayotgani eʼtirof etildi. Kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida hukumat rahbarlariga komissiyaning navbatdagi yigʻilishini tez orada oʻtkazish vazifasi qoʻyildi. Savdo uylari faoliyatini kengaytirish, biznes-forumlar va sanoat mahsulotlari koʻrgazmalarini oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi boʻyicha aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bular, xususan, Qirgʻizistonda yengil avtomobillar, qishloq xoʻjaligi texnikalari, maishiy texnikalarni yigʻishni tashkil etish, shuningdek, chegaraoldi hududlarda toʻqimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalardir.

Oʻzbekiston – Qirgʻiziston investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish belgilandi, ikki mamlakat hukumatlariga uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Transport sohasi va tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish — Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hamkorligining muhim yoʻnalishi boʻlib, tashqi bozorlarga yaqin va samarali chiqishni taʼminlaydi. Ayniqsa, “Oʻzbekiston –  Qirgʻiziston – Xitoy” temir yoʻlining qurilishi strategik ahamiyatga ega.

Prezidentlar mazkur yoʻlning qisqa vaqtda barpo etilishi ikki mamlakat manfaatlariga toʻliq mos kelishi, mintaqamizning tranzit salohiyatini yuzaga chiqarib, jozibadorligini oshirishini alohida taʼkidladilar. Shu bois, ushbu muhim loyiha boʻyicha ishlarni birgalikda davom ettirishga kelishib olindi.

“Toshkent-Andijon-Oʻsh-Irkishtom-Qashgʻar” xalqaro multimodal yoʻnalishi ham savdo hajmi ortishiga xizmat qiladi. Shuningdek, ikki davlat shaharlari oʻrtasida avtobus, temir yoʻl va aviaqatnovlarni qayta tiklash yuk tashish, yoʻlovchi va turistlar oqimining koʻpayishida muhim omil boʻladi.

Aloqalarning yana bir katta yoʻnalishi – hududlararo hamkorlik. Bu borada 2017 yil 5 sentyabrda hukumatlar oʻrtasida bitim hamda ikki mamlakat viloyat va shaharlari oʻrtasida kelishuvlar imzolangan. 2018 yilda Hokimlar va chegaradosh viloyatlar maʼmuriyatlari rahbarlari kengashi tuzilgan.

Uchrashuvda hududlararo hamkorlikni yana faollashtirib, erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash, chegaraoldi viloyatlarni kompleks rivojlantirish, davlat chegarasidan oʻtkazish punktlarida aholi uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligi taʼkidlandi. Ushbu kelishuvlarni tashrif arafasida Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari hamda Oʻsh, Jalolobod, Botken va Norin viloyatlari tomonidan kelishib olingan “yoʻl xaritalari” doirasida amalga oshiriladi.

Tomonlar Markaziy Osiyodagi suv-energetika resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu yoʻnalishdagi hamkorlikning uzoq muddatli barqaror mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishildi. Oʻzbekiston Qirgʻizistonda gidroenergetika loyihalarini amalga oshirishda qatnashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashning muhim omili boʻlgan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ham koʻrib chiqildi.

Fan, taʼlim, madaniyat, sport va turizm kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yakdil fikr bildirildi. Davlat rahbarlari madaniy almashinuvlar ikki xalq oʻrtasida oʻzaro tushunish va doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidlab, madaniyat kunlari va boshqa gumanitar tadbirlarni qayta tiklashga kelishib oldilar.

Qirgʻiziston Prezidenti koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohasida, jumladan, dori-darmon va tibbiyot vositalari yetkazib berish borasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunlangach, imzolangan hujjatlarni almashish marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari Qoʻshma bayonot qabul qildilar. Shuningdek, ikki mamlakat vazirliklari va hududlari rahbarlari imzolangan hujjatlar bilan almashdilar. Umuman, tashrif doirasida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Qirgʻiziston sherikligining deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.

Qariyb 50 ta qoʻshma loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va chuqurlashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Investitsiya fondini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim, elektr energiyasini oʻzaro yetkazib berish, Qirgʻizistonda gidroenergetika obyektlarini qurish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi hujjatlar shular jumlasidan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev muzokaralar ishonch muhitida oʻtgani, tomonlar oʻzaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida keng miqyosli vazifalarni hal qilishga tayyor ekanini qayd etdi.

–  Biz ikki tomonlama munosabatlarning barcha dolzarb masalalarini muhokama qildik. Ustuvor eʼtibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish choralarini koʻrishga kelishib oldik. Shu maqsadda ishbilarmonlar oʻrtasidagi aloqalar faollashishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi, savdo, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport, infratuzilma sohalarida umumiy qiymati 900 million AQSH dollaridan ziyod boʻlgan yangi loyihalar amalga oshiriladi. Ularning barchasi hozirgina qabul qilingan “yoʻl xaritasi”ga kiritildi. Investitsiya jamgʻarmasining tashkil etilishi bu loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish maslalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda qirgʻiz millatiga mansub 300 mingga yaqin fuqarolar yashaydi. Ularga oʻz tili, madaniyati va anʼanalarini asrash va rivojlantirish uchun barcha imkoniyat yaratilgan.

Xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash maqsadida madaniyat va kino kunlari, yoshlar forumlari, festival va koʻrgazmalar tashkil etishga kelishib olingani aytildi.

Tadbirlar yakuniga yetgach, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov tashrifi sharafiga rasmiy qabul marosimi tashkil etildi. Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyasi aʼzolari, davlat va jamoat arboblari, Oʻzbekistondagi qirgʻiz diasporasi vakillari ishtirok etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov 12 mart kuni Koʻksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyoboniga koʻchat oʻtqazdi. Bu Oʻzbekiston va Qirgʻiziston xalqlari doʻstligining, davlatlararo munosabatlarda yangi davr boshlanganining ramzi boʻldi, deyish mumkin.

Davlat rahbarlari Toshkent shahridagi texnoparkka tashrif buyurishdi. Ushbu zamonaviy majmua davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Qirgʻiziston Prezidentiga texnoparkdagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar — maishiy texnikalar, elektron gaz hisoblagichlar, liftlar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari va sovitish tarmoqlari haqida maʼlumot berildi.

Davlat rahbarlari Oʻzbekistonning sanoat, qishloq xoʻjaligi va hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi. Koʻrgazmaga 24 ta tarmoq va 14 hududda ishlab chiqarilayotgan mingdan ortiq mahsulotlar qoʻyilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirgʻizistonda ham kerakli salohiyat borligi, uni yuzaga chiqarish uchun Oʻzbekiston kooperatsiyalar tashkil etish va tajriba almashishga tayyor ekanini taʼkidladi. Tarmoq rahbarlariga Qirgʻizistondagi turdosh muassasalar bilan yaqindan ishlab, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Oʻzbekiston xalqi nomidan Qirgʻiziston xalqiga yurtimizda ishlab chiqarilayotgan tez tibbiy yordam mashinalari sovgʻa qilindi. Sadir Japarov qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari, doimiy koʻmagi va qoʻllab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimizning sanoat salohiyati, mahsulotlarning keng assortimenti va sifati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.