Andijonda tashkil etilgan tennis boʻyicha xalqaro turnirda Sanjar Fayziyev va Sabina Sharipova mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib, bosh sovrinni qoʻlga kiritdi.
Dunyoning yigirmaga yaqin davlatidan kelgan yuzdan ortiq tennischilar oʻrtasidagi musobaqa Oʻzbekiston va Xalqaro tennis federatsiyalari tomonidan oʻtkazildi.
«Fyuchers» turkumidagi musobaqaning erkaklar oʻrtasidagi yakkalik bahslarida Sanjar Fayziyev final uchrashuvida turkiyalik Kem Ilkelga qarshi kortga chiqdi. Ushbu uchrashuvning birinchi setini tay-brekda oʻz foydasiga hal qilgan Fayziyev, ikkinchi setda 6:4 hisobida gʻalaba qozondi va musobaqa gʻolibiga aylandi.
Musobaqaning xotin-qizlar oʻrtasidagi yakkalik bahslarida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sabina Sharipova final uchrashuvida sloveniyalik Kaya Xuvanni 6:4, 6:2 hisobida magʻlubiyatga uchratdi.