TerDU talabasi: “Munosib ish topishimda karyera markazi xodimlari yaqindan koʻmaklashdi”

0
245
marta koʻrilgan.

Termiz davlat universitetida talaba-yoshlarning “Karyera markazi” ish boshladi. Prezidentimiz raisligida joriy yil 4 mart kuni oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vaifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida talabalar bandligini taʼminlash yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.

Shunga muvofiq universitetda taʼlim olib, kasb oʻrganayotgan 25 ming 590 dan ortiq yigit-qizning 1 ming 800 dan ziyodi ishlash istagini bildirdi. Hozirgacha ularning qariyb 1 ming 500 nafari universitetdagi boʻsh ish oʻrinlari, viloyat markazidagi tashkilot, muassasa va korxonalarga ishga joylashtirildi.

Yangi markaz ham taʼlim muassasasining bitiruvchilariga mehnat bozori talab etayotgan mavjud boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumot berish, ishlash istagi boʻlgan yosh talabalarni ish bilan taʼminlash, ularning kasbiy oʻsishi va ish beruvchilar bilan oʻzaro aloqalarini mustahkamlashga moʻljallangan.

Buning uchun markaz xodimlari boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari va oʻquv seminarlari oʻtkazadi. Talabalarning kasbiy sinovlarini tashkil etib, ularni kasbga yoʻnaltiradi. Ish izlovchilar va ish beruvchilarning maʼlumotlar bazasi hamda ochiq vakansiyalar roʻyxatini shakllantiradi. Karyera kunlarini tashkil etib, boʻlajak mutaxassislarning kasbiy faoliyatga qiziqishlarini kuchaytiruvchi tadbirlar uyushtiradi. Boʻsh ish oʻrinlari uchun talabadan talab etiladigan bilim, koʻnikma va malakadan xabardor etib boradi. Oʻtgan yillarda universitetni bitirib, ayni paytda mehnat qilayotgan yoshlarning ish faoliyati yaʼni, karyerasi haqidagi maʼlumotlarni tayyorlaydi. 

– Yangi Oʻzbekistonda talaba-yoshlarni har taraflama ijtimoiy himoya qilib, ularni munosib ish bilan taʼminlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi, – deydi universitet rektori Avazjon Maraximov. – Bu jarayonda tashkil etilgan mazkur markaz xodimlari shuningdek, talabalarga mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari asoslarini atroflicha tushuntirib, mehnat bozorida mos vakansiyalar izlash koʻnikmalarini, ishga kirish uchun rezyume tayyorlash va ish beruvchi bilan suhbatdan oʻtish usullarini oʻrgatmoqda. Ishga kirish uchun talab etiladigan hujjatlar bilan tanishtirib, iqtisodiyot tarmoqlarining ilgʻor mutaxassislari va ekspertlarini jalb etgan holda talabalarni kasbga yoʻnaltirish choralarini koʻrayotir. Joriy oʻquv yilida oliy taʼlim muassasamizni 2 ming 286 yigit-qiz bitirib, mustaqil hayotga yoʻllanma oladi. Ularning 542 nafari magistrlardir. Bu yilgi bitiruvchilarimiz bandligini taʼminlashda albatta, bu tizim oʻz samaralarini beradi.

Ayni paytda markaz xodimlari oliy taʼlim muassasasida mehnat qilishga ehtiyoj sezayotgan talabalarning eng yaqin koʻmakchisiga aylanmoqda.
– Madaniyat, sanʼat marketingi va menejmenti yoʻnalishi boʻyicha ikkinchi kursda toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyman, – deydi Fazliddin Tursunniyazov. – Biz, talabalarga yaratilayotgan imkoniyatdan foydalanib, hozirdan mehnat qilsam, yetarli koʻnikma va tajribaga ega boʻlishim va kontrakt toʻlovini amalga oshirishim ancha yengil kechishini his etdim. Shu maqsadda bu yerga ish soʻrab kelgan edim, munosib ish topishimda karyera markazi xodimlari yaqindan koʻmaklashdi. Biznes inkubatsiya va akseleratsiya markazida xodim boʻlib ishlashni tavsiya etdi. Ish sharoiti ham, ish haqi ham maʼqul boʻldi. Oʻquv mashgʻulotlaridan boʻsh vaqtlarimda universitetning oʻzida mehnat qilayotganimdan xursandman.
Zamonaviy jihozlangan markazda talaba-yoshlarga oliy taʼlim dargohining marketing va talabalar amaliyoti, iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish, ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻlimlari, buxgalteriya boʻlimining talabalar bilan ishlovchi xodimlari, biznes inkubatsiya va akseleratsiya hamda media markazlari mutaxassislari xizmat koʻrsatmoqda. 

Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV,
OʻzA muxbiri

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.