TIL MADANIYAT KOʻZGUSI VA RUHIMIZ QANOTI

0
884
marta koʻrilgan.

Bu yil oʻzbek tiliga Davlat tili maqomining berilganiga 31 yil toʻladi. Til Alloh tomonidan inʼom etilgan buyuk neʼmat.  Shubhasiz, insondagi hamma ezgu sifatlar, goʻzal fazilatlar benazir va betakror  ona tilimiz sharofaatidandir.

Tilimiz nafaqat kishilar oʻrtasidagi  muomala vositasi, balki shu  xalqning urf-odati, turmush tarzi, tarixi,  madaniyatini ham ifoda etishi bilan jozibalidir.

 Kim oʻz  tilini eʼzozlasa, qadrlasa, uning rivojlanishi uchun astoydil jon kuydirsa til umrboqiy yashaydi. Shu bois har bir millat, oʻz tilini asrab, uning taraqqiyoti uchun harakat qiladi. Negaki, xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati tilda mujassam.

Bu yil mamlakatimizda  oʻzbek tiliga Davlat tili maqomining berilganiga 31 yil toʻladi. Bu yurtimiz hayotida shubhasiz buyuk tarixiy voqea. Oʻzbekistonda mustaqillik sari qoʻyilgan ilk kunlardanoq til taraqqiyotiga alohida ahamiyat berildi.  Davlatimiz mustaqilligi  eʼlon qilinishi bilan ona tilimiz oʻzining haqiqiy oʻrnini va mavqeini topdi.

Maʼlumki, tilimiz dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri xisoblanadi. Davlatimiz, hukumatimiz tomonidan uning mavqeini oshirish, sofligini taʼminlash maqsadida  qonunchiligimizda ulkan ishlar, yangi islohotlar amalga oshirilmoqda.

Oʻtgan yili tilimizning ijtimoiy ahamiyatini, xalqaro miqyosdagi obroʻ-nufuzini tubdan yuksaltirish,  mamlakatimizda davlat tilining toʻlaqonli joriy etilishini taʼminlash maqsadida 21 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonga muvofiq Hukumat tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi, shuningdek, qaror bilan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, muassasa hamda boshqa tashkilotlarda davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, oʻzbek tilini rivojlantirishni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchi (masʼul xodim) lavozimi ham tashkil  etildi.

Shuningdek, 2020 yil 10 aprel kuni Muhtaram Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonuni imzolandi. Unga muvofiq 21 oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilindi.  Maʼlumki, ona tilimiz  ham davlatimizning bayrogʻi, gerbi, madhiyasi, konstitutsiyasi kabi  muqaddas hisoblanadi. Shunday ekan, oʻzbek tilimiz qonun yoʻli bilan himoyada ekanligini unutmasligimiz zarur.

Har yili bu  bayram mamlakatimizda keng nishonlanadi. Ona tilimizning jozibadorligini, goʻzalligi, mukammalligi, boy va mazmundorligini koʻrsatib berish, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha  millat vakillarini ham muqaddas burchi sanaladi.  Buni teran xis qilgan yurtdoshlarimiz bir jon boʻlib,  tilimizning pokligi va oʻziga xosligini saqlash, uni boyitish va takomillashtirishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqdalar.

Boshqa davlat xalqlaridan tubdan farq qiluvchi odamlarning oʻzaro samimiy suhbatlarida, yuksak maʼnaviyatida tilimizning jozibadorligi, betakrorligining guvohi boʻlib,  beixtiyor shunday yurtning farzandi boʻlganimdan quvonaman. Eng avvalo, bizning tilimizdagi hayo, ibo, oriyat, mehr-oqibat soʻzlarining betakrorligi, uni boshqa tillarga tarjima qilib boʻlmasligining oʻziyoq tilimizning naqadar boy ekanligidan dalolat beradi. Tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub boʻlib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, oʻgʻiz  lahjalarida namoyon boʻladi. Oʻzbek tili ana shu lahjalar asosida maʼlum bir meʼyorga kelgan.  U tinimsiz oʻsib, rivojlanib bormoqda.

Ogahiy hazratlarining soʻz haqidagi quyidagi misralari bu toʻgʻridagi tasavvurlarimizni toʻliq namoyon etishi bilan yanada xarakterlidir. “…kishidin to qiyomatgʻacha qolaturgʻan yodgor va farzandi saodatosor yaxshi soʻzdir… Alqissa, soʻz martabasi nihoyatsiz baland va soʻz ahli hamisha aziz va arjumanddurlar”.

Ha, donishmand ota-bobolarimiz soʻzni mulk sifatida qadrlab, oʻz asarlarida ham uni oʻz oʻrnida qoʻllaganliklarini, tilimizni avaylab-asrash, eʼzozlash muhim ekanligini  eʼtirof qilganlar. Zero, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz, bizni yuksak madaniyatga, maʼnaviyat va istiqbolga daʼvat qiluvchi benazir neʼmat.  Shuning uchun har birimiz oʻz ona tilimizni  avraylab-asrashimiz lozim. Tilga eʼtiborli boʻlsak, millatimiz, kelajagimiz hech qachon kam boʻlmaydi. 

Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirishga, qonun va qarorlar ijrosini taʼminlashga boshqarmamiz tomonidan tashkilotlar bilan hamkorlikda  qator  chora-tadbirlar,  rejalar belgilanib,  ijroga qaratildi.   Bosma nashrlarda chop qilinayotgan “Til yashasa millat yashar”, “Ona tilim-jonu dilim”, “Ona tilim-faxrim mening”, “Tilga eʼtibor-til eʼtibor”  kabi ruknlar ostida yuzlab rang-barang maqolalar eʼlon qilingan. Xorazm teleradiokompaniyasi orqali “Tilimizni oʻrganamiz” koʻrsatuvi muntazam ravishda  efirga uzatib kelinmoqda. Shuningdek, boshqarmaning yangi talqindagi veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar va sahifalarida  mavzu doirasida maqolalar, intervyular joylashtirildi. Boshqarma tomonidan tayyorlangan “Tilga eʼtibor-elga eʼtibor”  mavzusida rolik tayyorlandi va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib etildi.

Qonun ijrosini taʼminlashda masʼuliyatni yanada yuksaltirish, oʻzbek tili meʼyorlariga qatʼiy rioya etishni tashkillashtirish maqsadida matbaa korxonalari, nashriyot va noshirlik boʻlimlari, tahririyatlar xodimlari  bilan muntazam ravishda seminarlar, ZOOM dasturi orqali onlayn konferensiyalar oʻtkazilib, zaruriy tavsiyalar chiqarilmoqda. Davlat idoralari va tashkilotlarning veb-saytlari, tarmoqlardagi  kanallar va sahifalarida viloyatda bu borada olib borilayotgan ishlar muntazam yoritib borilmoqda. Tashkilotlarning axborot xizmati rahbarlari tomonidan  keng targʻibot ishlari samarali yoʻlga qoʻyilgan. Viloyat, shaharlar va tumanlar hokimliklarining oʻzbek tilini rivojlantirishni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilari bilan oʻzaro ijodiy hamkorlik oʻrnatilgan.

Til-ruhimizga qanot bagʻishlovchi noyob xazina, maʼnaviyat koʻzgusi. Uni hamisha, har joyda koʻz qorachigʻidek  asrashimiz kerak. Til tom maʼnoda millat, yurt  taqdirini belgilar ekan, uning sofligi,  taraqqiyoti, barhayotligi uchun  barchamiz birdek  masʼulmiz.

Dilbar BEKCHANOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi

Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.