Mamlakatimizda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan 21 oktyabr kuni munosabati bilan qator tadbirlar oʻtkazildi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida ham ushbu sanaga bagʻishlangan «Til – millat koʻzgusi» tadbiri boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbek Milliy akademik drama teatrining dargʻalari, Oʻzbekiston xalq artistlari Yodgor Saʼdiyev, Gavhar Zokirova, Zuhra Ashurova qatnashib, oʻzbek tili mavjud ekan, millat mavjudligini faxr bilan tushuntirib berishdi.
Tadbirda soʻz mulkining sultoni Hazrat Alisher Navoiy ijodiga murojaat qilinib, Oybekning “Navoiy” romanidan epizodlar qoʻyib berildi.
Shuningdek, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi xodimlari Oʻzbekiston xalq shoirlari Xurshid Davron va Muhammad Yusuf kabi el sevgan ijodkorlarning oʻzbek tiliga oid sheʼrlarini yodlab berishdi.
Oʻzbek tilining xalqchilligini, goʻzalligini anglatadigan ona allasi sahna koʻrinishida yangrab, tantanaga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
Marosim yakunida MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov Prezidentimizning oʻzbek tilining mavqeini yanada mustahkamlash yoʻlida olib borayotganizchml islohotlari, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarga berilayotgan eʼtibor xususida gapirib, bu kabi tadbirlarni sportchilari orasida yanada keng va koʻp nishonlash zarurligi haqidagi tashabbusini ilgari surdi.
Tadbir Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda uning qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
R. SAPOYEVA