Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun bir qator qiziqarli dalillar bilan tarixga kirmoqda. Misol uchun, ilk bor zamonaviy beshkurash sportida Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olindi. Ushbu Olimpiadada ayol sportchilar soni har qachongidan ham koʻp boʻlmoqda. Shuningdek:
- Oʻzbekiston sportchilari 2020 yil Yaponiyaning Tokio shahrida oʻtkaziladigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlariga sportning 17 turida jami 71 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritdilar. Bu oʻzbek sportchilari tarixida sport turlari soni boʻyicha rekord koʻrsatkichdir.
- Prezidentimizning xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratayotgan eʼtiborlari bilan Tokio-2020 Olimpiadasida litsenziya qoʻlga kiritgan ayol sportchilarimiz soni 30 taga yetdi. Bu Olimpiadalarda Mustaqil Oʻzbekistonning ayollar sportida qayd etayotgan yana bir rekordi.
- Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida birinchi marotaba 3 nafar ayol dzyudochi bilan, shuningdek, aralash jamoaviy yoʻnalishda ishtirok etamiz. Bu yoʻnalishda dunyoda eng kuchli 12 jamoagina medallar uchun kurash olib boradi.
- Birinchi bor zamonaviy beshkurash sport turida Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritdik.
- Boks boʻyicha musobaqalarda ilk marotaba 3 nafar qizimiz katnashadi. Undagi umumiy yoʻllanmalarimiz esa 11 tani tashkil qilmoqda. Sportning ushbu turida butun dunyoda faqat 3 jamoagina shuncha bokschi bilan ishtirok etadi.
- Hamyurtimiz Oksana Chusovitinaning nomi dunyo sport gimnastikasi tarixi sahifalariga sakkizinchi bor Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan birinchi sport gimnastika ustasi sifatida bitiladi.
- XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida qilichbozlik sportida birinchi marotaba 3 ta yoʻllanma qoʻlga kiritildi.
- Ogʻir atletika bahslarida ilk bor 2 qizimiz Olimpiada yoʻllanmasiga sazovor boʻldi.
- Taekvondo boʻyicha terma jamoamiz oʻz tarixida birinchi marta Olimpiya oʻyinlarida toʻliq tarkibda (2+2) ishtirok etadi.
- Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida Olga Zabelinskaya velosiped sportida ayollar oʻrtasida ishtirok etgan dastlabki oʻzbekistonlik sportchi boʻlib tarixga kiradi.
- Svetlana Radzivil 4 ta Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan oʻzbekistonlik dastlabki yengil atletikachi nomiga sazovor boʻladi.
- Delegatsiyamizning eng yoshi katta sportchisi. Bu borada kimning ism-sharifini keltirib oʻtishimiz ayon. Afsonaviy Oksana Chusovitina (1975 yil 19 iyun) 46 yoshida sport gimnastikasi boʻyicha Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etmoqda.
- Delegatsiyamizning eng kichik sportchisi: Zaynab Dayibekova hamda Sevara Safoyeva. Eʼtiborlisi, har ikki vakilimiz ham 2002 yil 19 noyabr sanasida tavallud topishgan. Zaynab Dayibekova boʻlajak Olimpiadada qilichbozlikning sablya yoʻnalishida ishtirok etsa, Sevara Safoyeva badiiy gimnastikaning guruh mashqi dasturida yurtimiz sharafini himoya qiladi.