Tokio-2020 XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi davlatimiz tomonidan ajratilgan maxsus charter reysida ona vatanimizga qaytib keldi. Muzaffar sportchilarimizni hukumat rahbarlari, keng sport jamoatchiligi va minglab muxlislar qarshi olishdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Narbayeva hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov delegatsiyamizni kutib oldi. Mutasaddilar soʻz oʻrnida Olimpiyachilarimizga Prezident tabrigini va oʻzlarining iliq tilaklarini bildirib oʻtishdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev ham ishtirok etishdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artsiti Yodgor Saʼdiyev, Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ham oʻz tilaklarini yoʻllashdi.
Shundan soʻng chempionlarimiz Akbar Joʻrayev, Ulugʻbek Rashitov va Bahodir Jalolov, ularning onalari hukmatimiz tomonidan qaratilayotgan eʼtibordan mamnun ekanligini bildirib, barcha hamyurtlarimizga musobaqa davomida qoʻllab-quvvatlab turishgani uchun tashakkur aytib oʻtishdi.
Keyin Olimpiyachilarimiz maxsus ikki qavatli avtobuslarda Toshkentning markaziy koʻchalari boʻylab sayrga chiqishdi. Ularni har qadamda hamshaharlarimiz qarshi oldilar.
Tadbirning davomi Milliy Olimpiya qoʻmitasida davom etdi. U yerda Yangi Oʻzbekiston qahramonlariga Prezident sovgʻasi – chempionlarga «Tahoe» mashinasi va 4 sotihli kottej, bronza medali egalariga esa «Trebleizer» va 2 xonali uy kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
Yurtimiz oʻgʻlonlariga va ularni tarbiyalagan ota-onalariga, ustozlariga shon-sharaflar boʻlsin! Bu Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi 3 ta oltin va 2 ta bronza medallarini jamgʻarib, umumjamoa hisobida 206 mamlakat orasida 32-oʻrinni egallagan boʻlsa, 3 yildan soʻng boʻladigan Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarida oʻzbek sportining Olimpiadadagi zafarli chiqishlari yanada yuksalishida tilakdoshmiz va yoshlarimizga ishonamiz! Bunga Tokiodagi bellashuvlarda qatnashgan delegatsiyamizning qizgʻin, shijoatli saʼy harakatlari bizni umidvor etmoqda. Keyingi Olimpiadada yangi Oʻzbekistonda Barchinoylar, afsonaviy Oksana Chusovitina izdoshlari chiqishi ham nasib qilishini Allohdan soʻrab qolamiz.
Gujum. uz tahririyati barcha yurtdoshlarimizni, jumladan Oʻzbekiston Milliy Olimpiada qoʻmitasi, bellashuvda qatnashgan delegatsiyamizni va ularning oilasini, ustozlarini yana bir bora qutlaymiz. Yangi Oʻzbekistonga yangi gʻalabalar muborak boʻlsin!