Tokio Olimpiya oʻyinlarida bellashadigan  yurtimiz delegatsiyasining deyarli teng yarmi ayollar ekanligi gender tenglik siyosatining amaliy ifodasi!

0
66
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston  Milliy olimpiya qoʻmitasi Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan delegatsiya tarkibini maʼlum qilgan edi. Endilikda qoʻmita ushbu tarkibda kichik oʻzgarish yuz berganligini taʼkidlaydi.

Avvalgi tarkibda Xalqaro suzish federatsiyasining reytingi asosida Xurshidjon Tursunov 100 metrga erkin, Yulduz Qoʻchqorova 100 metrga brass usulida suzish boʻyicha Olimpiada yoʻllanmalariga sazovor boʻlgani yozilgandi. Biroq, Yulduz Qoʻchqorova uzoq muddatdan beri terma jamoa tarkibidagi yigʻinlarda ishtirok eta olmayotgani, hozirgi kunda Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻlgani uchun boʻlajak Olimpiadada ishtirok eta olmasligi oydinlashdi. Uning oʻrnini 50 metrga erkin usulda suzish dasturida Natalya Kritinina toʻldiradigan boʻldi.

Ushbu oʻzgarishni Xalqaro suzish federatsiyasi tasdiqladi va Tokio-2020 yoʻllanmasi Natalya Kritininaga taqdim etiladigan boʻldi. Shu tariqa, boʻlajak Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz delegatsiyasi aʼzolari 17 sport turida 71 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi. Unda ishtirok etadigan sportchilar soni esa 67 nafarni tashkil etib, ularning 30 nafari ayollardir. Bu umumiy delegatsiya aʼzolarining 45 foiziga teng koʻrsatkichdir.

Shubhasiz, ushbu  koʻrsatkich mamlakatimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor mahsulidir. Qolaversa, bu Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi targʻib qilayotgan gender tenglik siyosatining mamlakatimiz misolidagi amaliy ifodasi, desak arziydi.

Olimpiya oʻyinlarida ayol sportchilarning ishtirok etishi boʻyicha Tokioda mutlaq rekord oʻrnatishiga tilakdoshmiz.

GUJUM.UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.