Sharq kitobati sanʼati qadimiy anʼanalarga ega. Asarlarni koʻchirish – xattotlik sanʼati, ularni bezash – lavvoh, musavvir, sahhof ishi boʻyicha koʻp nazariy va amaliy masalalarni yoritib beruvchi asarlar tarixdan maʼlum.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Mumtoz filologiya va adabiy manbashunoslik kafedrasida ham “Oʻzbek kitobati tarixi” fani doirasida 1-kurs Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik taʼlim yoʻnalishi talabalari tomonidan oʻrta asrlarga oid qoʻlyozma kitob yaratildi. Talabalarga mustaqil ish sifatida berilgan vazifaning asosiy maqsadi – oʻrta asrlarga xos boʻlgan xom-ashyolardan foydalangan holda qoʻlyozma kitob yaratish edi.
Talabalar tomonidan qogʻozga ishlov berishdan to muqovalashgacha boʻlgan barcha jarayonlar qoʻlda bajarildi. Eʼtiborli jihati shundaki, yaratilgan kitobda qogʻozga ishlov berishda “abru bahor” hamda zarhal bezaklardan foydalanilgan. Qoʻlyozmaning har bir varagʻi takrorlanmas bezaklarga ega.
Yoʻnalishning ikki guruhi tomonidan tayyorlangan qoʻlyozmalar bir-biridan oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Muhimi, qoʻlyozmalarda zamonaviy unsurlardan foydalanilmagan. Bunday vazifalar talabalarda kitob yaratish zavqini, kitobga boʻlgan mehrni oshirishga yordam beradi. Shu bilan birga, fanni nazariy hamda amaliy jihatdan chuqur oʻzlashtirishga koʻmaklashadi.
Nigora XADJIYEVA, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Mumtoz filologiya va adabiy manbashunoslik kafedrasi oʻqituvchisi