Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boshlandi. Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
Toshkent shahrida 2017 yili yalpi hududiy mahsulot 5 foizga oʻsgani qayd qilindi. Joriy yilda bu koʻrsatkich 8,1 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, joriy yil yakuni boʻyicha sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 9,2 foizga, qurilish ishlari 11,6 foizga, xizmat koʻrsatish 10,5 foizga oʻsishi kutilmoqda. Bu mamlakatimiz boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichlardandir.
Prezidentimiz Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha muhim yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi. Toshkent shahrini yirik ishbilarmonlik va moliya markaziga aylantirish boʻyicha strategiya ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.
— Bugungi globallashuv davrida iqtisodiyotga investitsiyalarni faol jalb etib, biznes uchun qulay sharoitlar yaratib berayotgan shaharlar jadal rivojlanmoqda. Toshkent shahrini yuqori texnologik sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan, bank, moliya, sugʻurta va boshqa zamonaviy xizmatlar koʻrsatadigan yirik xalqaro markazga aylantirishimiz zarur. Shahar atrofi sanoat zonalari, shahar ichi esa innovatsion hudud boʻlishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ijtimoiy soha, qurilish va kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, aholi va turistlar uchun qulayliklarni oshirish boʻyicha ham istiqboldagi muhim vazifalar belgilandi.