Toshkent issiqlik elektr stansiyasining yangi bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirildi

0
149
marta koʻrilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Toshkent issiqlik elektr stansiyasiga tashrifi chogʻida stansiyaning yangi bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirildi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida. 

Davlatimiz rahbari korxonada 370 MVtli yangi bugʻ-gaz qurilmasining ramziy start tugmasini bosdi. 

Korxonaning ilk energobloki 1963 yilda foydalanishga topshirilgan. 1971 yilga kelib ularning soni 12 taga yetgan. Stansiyaning umumiy belgilangan quvvati 1860 megavattni tashkil etadi. 

Yangi bugʻ-gaz qurilmasining foydalanishga topshirilishi bilan qoʻshimcha ravishda yiliga 2,6 milliard kilovatt soat elektr, shuningdek, 110 ming gegakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. 

Zamonaviy qurilma 1 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun sarf qiladigan shartli yoqilgʻining miqdori 223 g/kilovatt soatni tashkil qilsa, amaldagi energiya bloklarda bu koʻrsatkich salkam ikki baravar koʻp. Buning natijasida yiliga 350,9 million kubometr tabiiy gaz tejaladi. 

Ushbu noyob loyihani amalga oshirish uchun mamlakatimizda birinchi bor AQSHning “Jeneral elektrik” kompaniyasining bugʻ-gaz turbina va generatorlari oʻrnatildi. Bundan tashqari, Belgiya, Italiya, Rossiya kabi davlatlardan zamonaviy uskunalar keltirildi. 

Loyihani roʻyobga chiqarishda mahalliy korxonalar mahsulotlaridan ham keng foydalanildi. “Oʻzkabel”, “Oʻzelektroapparat”, “Chirchiq transformator zavodi” kabi korxonalar shular jumlasidan. Bu esa katta miqdorda valyutani tejash va jalb etilgan investitsiyalardan maqsadli foydalanishga zamin yaratdi. 

Ushbu zamonaviy bugʻ-gaz qurilmasini ishlatish va boshqarish jarayoni toʻliq avtomatlashtirilgan. 

Bugʻ-gaz qurilmasining ishga tushirilishi bilan koʻplab yosh mutaxassislar bandligi taʼminlandi. Ular xorijda va Navoiy issiqlik elektr stansiyasida malaka oshirgan. 

Prezidentimiz tejamkor texnologiyalardan foydalanish zamon talabi ekani, bu kabi zamonaviy loyihalarni koʻproq joriy etish zarurligini qayd etdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.