Toshkent shahri Yakkasaroy tumanining Yunus Rajabiy nomidagi mahallada fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi

0
320
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizni barqaror rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirish, fuqarolarimizning oʻz hayotidan rozi boʻlib, ertangi kunga qatʼiy ishonch bilan munosib hayot kechirishini taʼminlashda  jamiyatning eng muhim boʻgʻini hisoblangan mahalla institutining oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

 Toshkent shahri Yakkasaroy tumanining Yunus Rajabiy nomidagi mahallasida kecha boʻlib oʻtgan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida ham ushbu masʼuliyat oʻz ifodasini topdi.

Fuqarolar yigʻinlari raislarining vakolat muddati 2019 yil may oyida tugashi munosabati bilan joriy yilning may oyida oʻtkazilayotgan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovi oxirlab bormoqda.

– Fuqarolar yigʻini raislari saylovini yuqori saviyada oʻtkazishda aholiga har tomonlama qulaylik yaratish muhimdir, – deydi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Lola Iliyeva, – Saylov jarayonlari mamlakatimiz mahallalarida bu yil avvalgi saylovlardan farqli oʻtayapti. Qonunga muvofiq fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) ikki yarim yil emas, endilikda uch yilga saylanadi. Shuningdek, rais yashirin ovoz berish yoʻli bilan aniqlanmoqda. Avvallari ochiq qoʻl koʻtarish yoʻli bilan aniqlanardi. Mahalla hududida ovoz berish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning kamida 12 foizi ishtirok etishi shart ekani ham belgilab qoʻyilgan. Bunga ham tashkiliy guruh tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Darhaqiqat, saylov oʻtkazilayotgan mahalladagi 323- maktabgacha taʼlim mussasasida fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida qatnashishga taklif etilganlar bilan gavjum. Bayramona kayfiyat hukmron.  Ishchi guruh tomonidan ovoz berish kabinasi, saylov qutisi, ovoz kuchaytirgich vositasi shay holatga keltirilgan. Saylov byulleteni tarqatildi.

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 2 apreldagi «Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisi»gi farmoniga asosan endi mahalla raislarining oylik maoshi ikki baravar oshdi. Ularning oylik maoshi oshgani haqidagi farmonga qadar oʻz ixtiyori bilan, mahalla faollarining tavsiyasi bilan nomzodlar taklif etish jarayoni davom etayotgandi. Tan olib aytish kerak bu yangilik sabab mahalla raisligiga qiziquvchilar soni ham ortdi. Aslida, mahalla yetakchisi boʻlish oson vazifa emas. Xalqning dardi, quvonchi bilan yashay bilish demakdir. Jamiyatimizning boshlangʻich bugʻini boʻlmish  oilalarning muammo va tashvishlarini  yurakdan his qilish demakdir. Chunki mahallalarga juda katta vazifalar  yuklatilgan. Ayni kunda mahallalarga yuklatilgan 154 ta vazifa qaytadan koʻrib chiqilib, tuzatish va qisqartirish kiritilishi hamda masʼuliyat hissi kuchaytirilishi rejalashtirilmoqda – deydi  Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Sanjar Hamidullayev, –  Qoidaga koʻra, oliy maʼlumotga ega boʻlgan fuqarolar nomzodi mahalla raisligiga koʻrsatilishi kerak. Avvallari koʻp hollarda oʻrta maʼlumotga ega nomzodlar ham taqdim etilgan. Bu yil shu qoidaga ham qatʼiy amal qilindi.  Mana Yunus Rajabiy mahallasi misolida aytadigan boʻlsak, uch nafar nomzod koʻrsatilmoqda.  Uchalasi ham shu mahallada 25-30 yillardan buyon yashaydigan oliy maʼlumotli kishilar boʻlib, iqtisodchi, muhandis-quruvchi, va matbaachi boʻlib oʻz sohasida va el-yurt oʻrtasida obroʻ eʼtibor topib, nafaqaga chiqqan munosib nomzodlardir.

Yigʻilishda mahalladagi 91-maktab direktori Aziza Temirova nomzodlarning hayot yoʻli, faoliyati bilan tanishtirdi. Soʻngra uch nafar nomzodga soʻz berildi. Ular mahalla ahlini oʻz dasturlari bilan tanishtirishdi.

Darhaqiqat,   mahalla jamiyatda tinchlik-totuvlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalar jipsliligini taʼminlash, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilma hisoblanadi.

Munosiblarni saylash va ular bilan birga Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qilish barchamizning muqaddas burchimizdir. Mahalla oqsoqoli aholi farovonligi yoʻlida yanada gʻayrat bilan ishlashi lozim boʻladi.

 Mamlakatimizda yangi saylangan barcha mahalla oqsoqollariga el-yurt tashvishidagi xizmatlarini munosib uddalashlarida  omadlar tilab qolamiz.

Raʼno  ZARIPOVA,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.