Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining telegramdagi kanalida xabar beriladi. Italiyaning Turin politexnika universiteti rektori Guido Sarakko boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti 10 yilligiga bagʻishlangan tadbirga tashrifi doirasida bu borada kelishuvga erishildi.
Politecnico di Torino va TTPU oʻrtasida imzolangan xalqaro akademik tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik memorandumiga koʻra doktorlik imtihoniga nomzodlar birgalikda tayyorlanadi.
Shartnomani amalga oshirish uchun birgalikda doktorlik qoʻmitasi tuzilib, qoʻmita doktorlik dasturiga kiradigan nomzodlarning ilmiy faoliyatini baholaydi, taʼlimning uch yillik davrida ularning oʻsishini monitoring hamda tahlil qiladi.
Qolaversa, qoʻmita har yili roʻyxatga olinadigan nomzodlar sonini belgilaydi, shartnomani yangilash boʻyicha takliflar beradi hamda barcha doktorantlarning Italiya va Oʻzbekiston qonunchiligiga rioya qilishlarini nazorat qiladi.