Toshkent shahar hokimligida “Oqila ayollar” harakati tuzildi

0
303
marta koʻrilgan.

Kuni kecha Toshkent  shahar hokimligida “Oqila ayollar” harakati aʼzolarining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, bugungi kunda respublikamizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻrni va faolligini oshirish, ularning  huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish,  gender tenglik kafolatlarini taʼminlash, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish borasida joylardagi Oila va xotin-qizlar boshqarmalari faollari, davlat va nodavlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan jamoatchi xotin-qizlar tomonidan manzilli ishlar olib borilmoqda.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 avgustdagi 437-sonli «“Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan respublikamizning barcha hududlarida “Oqila ayollar” harakatining jamoatchilik tuzilmalari shakllantirilib, birinchi yigʻilishlar oʻtkazilmoqda. Aynan shu kabi tadbir Toshkent shahar hokimligida boʻlib oʻtdi.

Tadbirni Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi N.Umarova ochib, barcha ishtirokchilarga undan koʻzlangan maqsad va yuqorida qayd etib oʻtilgan qarorni mazmun-mohiyatini tushuntirdi. Soʻngra, Toshkent shahar “Oqila ayollar” harakati tarkibiga tavsiya etilgan 40 nafar faol va tashabbuskor davlat va nodavlat tuzilmalarida mehnat qilib kelayotgan ayollar bilan birma bir tanishtirib oʻtdi.

Shundan soʻng, harakat aʼzolari tomonidan belgilangan tartibda ochiq ovoz berish yoʻli bilan Toshkent shahar “Oqila ayollar” harakati yetakchisi va uning oʻrinbosarlari saylandi. Unga koʻra, harakatning yetakchisi etib Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori B.Abdullayevaning nomzodi qoʻllab-quvvatlandi.

Tadbirning ikkinchi qismida “Oqila ayollar” harakatining kelgusida amalga oshiradigan ishlari borasida takliflar muhokama etildi va chora-tadbirlar loyihasi ishlab chiqildi.

   Hayotxon QOʻChQAROVA, “Oqila ayollar” harakati aʼzosi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Jamoat fondi direktori

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.