«Bilim» axborot-kutubxona markazining elektron kutubxonasida faol kitobxon klubiga aʼzo boʻlgan kitobsevarlar hamda yangi aʼzo boʻlgan foydalanuvchilar uchun “Kitob hayot qomusi” mavzusidagi seminar mashgʻulot boʻlib oʻtdi.
Seminarni «Bilim» AKM direktori Hofizaxon Karimova ochib, oʻz soʻzida mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning mutolaa madaniyatini yuksaltirish haqidagi fikrlarini taʼkidlab oʻtdi.
Mavzu yuzasidan 1-toifali kutubxonachi D.Xayrullayeva “Kitob hayot qomusi” nomli video rolikni hamda slayd taqdimotini kitobxonlarga namoyish etdi. Unda mutolaaning ijobiy tomonlarini 21 ta dalil orqali hikoya qildi. Shuningdek, A.Tajiboyev, N.Habibullayev, I.Hamidullayev, F.Turdiyev kabi kitobsevarlar oʻzlari mutolaa qilayotgan asarlari haqida toʻlqinlanib gapirib berdilar hamda ishtirok etayotgan kitobxonlarga ham oʻqishni tavsiya etdilar.
Bosh kutubxonachi M.Inoyatova yoshlarga «Bilim» AKM fondida mavjud boʻlgan adabiyotlar va kutubxonadagi imkoniyatlar xususida keng qamrovli maʼlumot berdi.
Tadbir yakunida kitobxonlarni bilimini charxlash maqsadida “Tezkor savol-javoblar” oʻtkazildi. Gʻoliblar yosh ijodkorlarning kitoblari bilan taqdirlandi.
Javlon SAʼDULLAYEV