Xalq deputatlari Toshkent shahar sessiyasida tashkiliy masala koʻrildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Jahongir Ortiqxoʻjayev nomzodini shahar hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
— Toshkent mamlakatimiz uchun qanchalik muhimligini hammangiz yaxshi bilasiz. Bu yerga rahbar qoʻyish ham osonmas. Shuni inobatga olib, Jahongir Ortiqxoʻjayevni hokim vazifasini bajaruvchi sifatida 8 oydan buyon sinadik. Toʻgʻrisini aytish kerak, u shaharga kelib, muhitni oʻzgartirishga erishdi. Hokimlikning obroʻsini oshirdi, tadbirkorlarni oʻziga ergashtira oldi. Jahongir Ortiqxoʻjayev Toshkent shahrining sharoitini, uning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini, bu yerdagi odamlarni va faollarni yaqindan biladi. Eng asosiysi, qanday qilib odamlar uchun ish joyi tashkil etishni yaxshi biladi, — dedi davlatimiz rahbari.
Xalq deputatlari Jahongir Ortiqxoʻjayev nomzodini qoʻllab-quvvatladi. Soʻzga chiqqanlar yangi hokim va uning barcha oʻrinbosarlari, barcha faollar bir musht boʻlib, poytaxtimizni jadal rivojlantirish boʻyicha bugun belgilab berilgan vazifalarni bajarish yoʻlida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini taʼkidladilar.