Navroʻzi olam goʻzallik, ezgulik, mehr-oqibat timsoli! Tabiat inʼomi tun bilan kun tenglashadigan ayyom.
Yaratgan egam ham navroʻz orqali insoniyatni tenglik, ahillik, goʻzallik, ezgulik, yaratish va yashnatishga chorlab, ezguliklarni insoniyat ruhiga singdirayotgandek. Insoniy qadriyatlarni qadrlash, tenglik va adolatni asrash tisoli boʻlgan navroʻz bayramiga Toshkent viloyatida uyushtirilgan xalq bilan muloqot tadbiri ulanib ketdi.
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasida Prezident Administratsiyasi tomonidan sayyor qabul tashkil etildi.
Aholining turli qatlamlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish va tezkor choralar koʻrish maqsadida mamlakatimizda sayyor qabullar orqali xalq bilan muloqot oʻtkazish anʼanaga aylandi.
Toshkent viloyatida bugun uyushtirilgan sayyor qabulda murojaatchilarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Muxammadiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov, Bosh prokuror Otabek Murodov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov, Toshkent viloyati hokimi Gʻulomjon Ibragimov, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari qabul qildi.
Sayyor qabulda har bir murojaatchining arzi-holi tinglanib, ularning eʼtiroziga sabab boʻlgan holatlar chuqur tahlil qilingan holda bartaraf etish choralari koʻrildi.
Aholi bilan ochiq muloqot mobaynida 400 dan ortiq murojaat tinglandi. Bir qismi joyida bartaraf etilgan boʻlsa, atroflicha oʻrganish yoki vaqt taqozo etiladigan murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi.
Sayyor qabul doirasida bir guruh nogironligi boʻlgan fuqarolarga nogironlik aravachasi, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari berildi.