Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan Navroʻz bayrami bilan tabrikladi. Toshkent viloyati mamlakatimiz taraqqiyotida yetakchi oʻrin tutishini taʼkidladi.
— Toshkent viloyatida sanoat, qishloq xoʻjaligi, savdo, xizmat koʻrsatish boʻyicha ulkan salohiyat bor. Shuning uchun viloyatga juda katta marra qoʻyganmiz. Lekin, shunga yarasha natija sezilmayapti, oʻrta boʻgʻin rahbarlari «aravani tortolmayapti». Endi bizga faqat paxta, gʻalla deb yuraveradigan hokimlar kerak emas. Paxta bilan gʻallani manfaat qilishi kerak. Hokim esa hozirgi zamonga munosib, ustuvor yoʻnalishlarni yaxshi biladigan va joy-joyiga qoʻyadigan, viloyatdagi 2 million 994 ming aholini rozi qiladigan boʻlishi zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Davron Xidoyatov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
D.Xidoyatov 1976 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1996-2009 yillarda bank tizimida, 2014 yilgacha avtosanoat tarmogʻida faoliyat yuritgan. 2014-2020 yillarda Xususiylashtirish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi, Chilonzor tumani hokimi, Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan.
Xalq deputatlari, viloyat faollari soʻzga chiqib, nomzod haqida fikrlarini bildirdi. Ovozga qoʻyish natijalariga koʻra, Davron Xidoyatov Toshkent viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
Shuningdek, Xalq deputatlari kengashi sessiyasida Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha asosiy yoʻnalish va vazifalar muhokama qilindi.
Avvalo aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Viloyatdagi 1 ming 48 ta mahalla bilan manzilli ishlab, «oʻsish nuqtalari»ni hayotga tatbiq etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadi va xarid qobiliyatini oshirish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.
2021-2022 yillarda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida jami qiymati qariyb 120 trillion soʻm boʻlgan 1 ming 108 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi taʼkidlandi. Ularning 1 ming 60 tasi hududiy, 48 tasi yirik tarmoqlar loyihalaridir. Bularning natijasida 52 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari kon-metallurgiya, energetika, toʻqimachilik, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati, qishloq xoʻjaligi va turizm viloyat iqtisodiyotida asosiy drayver boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Jumladan, joriy yilda Turkiya kompaniyalarining 450 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasi hisobiga Qibray tumanida umumiy quvvati 710 Megavatt boʻlgan ikkita issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, Boʻstonliqda 1 milliard 48 million dollar sarmoya evaziga, jami quvvati 540 Megavatt boʻlgan ikkita gidro elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.
Mutasaddilarga viloyatda 14 ta yangi kichik sanoat zonasi tashkil etish, foydalanilmayotgan 18 noruda konlar negizida qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Chirchiq shahrini zamonaviy innovatsiyalar va investitsiyalar shahriga aylantirish, shu namuna asosida viloyatning boshqa shaharlarini ham kompleks rivojlantirish boʻyicha dasturlar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
16 ming gektarda bogʻ va tokzorlar tashkil etish, qishloq xoʻjaligini sanoatlashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Ijtimoiy sohalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, maktablarni taʼmirlash, 4 ta tumanlararo tibbiyot markazi tashkil etib, gemodializ xizmatlarini yoʻlga qoʻyish vazifalari koʻrsatib oʻtildi.
Koʻp qavatli uylar, yoʻllar, ichimlik suvi tarmoqlari qurib, qishloq va mahallalardagi turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar maʼlum qilindi.
Mutasaddi rahbarlar Prezident aytgan ustuvor vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan xalq deputatlari oldida hisobot berdi.
Davlatimiz rahbari shahar va tuman studiyalaridagi aholi bilan suhbatlashib, ular bildirgan takliflarni qoʻllab-quvvatladi.