Joriy yil 1-3 aprel kunlari «Lomonosov – 2018» forumi doirasida M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida matematika va informatika boʻyicha festival boʻlib oʻtadi, deya xabar beriladi uza.uz saytida
Mazkur anʼanaviy festival isteʼdodli yoshlarni aniqlash va saralashga yoʻnaltirilgan boʻlib, unda qatnashish bepuldir. Buning uchun joriy yilning 30 martigacha http://msu.uz/forum2018 saytida ariza toʻldirish kifoya.
Festivalda mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablarining 9 va 10 sinflari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar oʻquvchilari ishtirok etishi mumkin. Bunda ishtirokchilarga bitta yoki bir vaqtning oʻzida ikkita fan boʻyicha qatnashish imkoni beriladi. Ishtirokchilar uch kun davomida matematika va informatikaga oid masalalarni yechadi.
Festival gʻoliblari medallar va faxriy diplomlar bilan taqdirlanadi.