Toshkentdagi yuqori maktablarda korrupsiyani oldini oluvchi yangi qabul tizimi joriy etiladi

0
207
marta koʻrilgan.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati xabar qiladi.

Oʻrganishlar va ijtimoiy soʻrov natijalariga koʻra ota-onalar tomonidan talab yuqori boʻlgan maktablarga 1-sinfga qabul jarayonida korrupsiya bilan bogʻliq quyidagi salbiy holatlar mavjud ekanligi aniqlandi:

Birinchidan, maktabga biriktirilgan mikrohududdan tashqaridagi bolalarni qabul qilish uchun tanish-bilish qidirish yoki maktab rahbariyatiga noqonuniy toʻlovni amalga oshirish;

Ikkinchidan, 7 yoshga toʻlmagan bolalarni maktablarga joylashtirish uchun tanish-bilish qidirish yoki noqonuniy toʻlovlarni amalga oshirish;

Uchinchidan, maktabda taʼlim tilida oʻqib ketishga koʻnikmasi yetarli darajada boʻlmagan bolalarni berishdagi shu kabi salbiy holatlar.

Bu kabi holatlar oqibatida maktablarda tanish-bilishlarning “qoʻngʻiroq orqali iltimoslari” yoki noqonuniy toʻlovlar natijasida maktab sigʻimiga nisbatan koʻproq oʻquvchilar qabul qilinishi va sinflarda bolalar soni 40-50 nafargacha oshib ketishi holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, mazkur maktablardagi taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ayniqsa, 7 yoshdan kichik yoki taʼlim olib boriladigan tilni bilmaydigan oʻquvchilarga pedagoglarning koʻproq kuch va eʼtibori talab etilayotganligi sababli, boshqa oʻquvchilarning oʻzlashtirishiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Eng yomoni, tanish-bilish yoki yuqoridan qoʻngʻiroq qilib bolasini joylashtirish kabi salbiy holatlar oqibatida, oʻsha mikrohududda yashaydigan aholining farzandlari bunday talab yuqori boʻlgan maktablarda oʻqish imkoniyatidan mahrum boʻlib, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Yuqoridagi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni davlat umumtaʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga koʻra, joriy yildan boshlab talab yuqori boʻlgan maktablarga (hozircha Toshkent shahridagi 81 ta maktablar) qabul Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, ushbu umumtaʼlim muassasalariga bolalar asosiy va qoʻshimcha kvota asosida qabul qilinadi. Yangi qabul tizimi bosqichma-bosqich boshqa viloyatlarda ham yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan mikrohududda istiqomat qilayotgan fuqarolarning (tegishli yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga toʻladigan) farzandlari, otasi yoki onasi I guruh nogironi boʻlgan hamda yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sonini inobatga olgan holda asosiy kvota shakllantiriladi.

Umumtaʼlim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga toʻladigan), shuningdek, umumtaʼlim muassasalarida taʼlim berish tili boʻyicha boshlangʻich bilim (muloqot qilish) koʻnikmasiga ega boʻlmagan bolalar uchun qoʻshimcha kvota ajratiladi.

Davlat xizmatlari markazlari orqali bolalarni umumtaʼlim muassasalariga (asosiy kvota boʻyicha) qabul qilish har yili 15 iyundan 31 iyulga qadar, qoʻshimcha kvota boʻyicha har yili 15 iyundan 31 avgustga qadar amalga oshiriladi.

Qoʻshimcha kvota boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga qabul qilish uchun bir bolaga nisbatan quyida nazarda tutilgan holatlarning har bir bandi boʻyicha ota-onalarning ixtiyoriy roziligi asosida eng kam oylik ish haqining oʻn baravaridan kam boʻlmagan miqdorda bir martalik yigʻimlar undiriladi:

a) mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi bolalar;

b) mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan, yaʼni tegishli yilning 1 yanvaridan 31 dekabrga qadar 7 yoshga toʻlmaydigan bolalar;

v) umumtaʼlim muassasalarida (mikrohudud va mikrohududdan tashqari) taʼlim berish tili boʻyicha boshlangʻich bilim (muloqot qilish) koʻnikmasiga ega boʻlmagan bolalar uchun.

Mazkur mablagʻlar maktabdagi sharoitlarni yaxshilash hamda maktab oʻqituvchilari va direktorini ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltiriladi.

Umumtaʼlim muassasalarining 1-sinfiga qabul jarayonlarini bevosita Kuzatuv kengashi aʼzolari tomonidan nazorat qilib borish koʻzda tutilgan. Jumladan, Kuzatuv kengashi aʼzolari maktab mablagʻlarini toʻgʻri sarflanishini nazoratga oladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.