Toshkentlik saylovchilar bilan ochiq muloqot boʻldi

0
72
marta koʻrilgan.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 19 oktyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili R.Kalonov ochdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev oʻzining saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qildi. Dasturda mamlakatimizning barcha hududlari qatori Toshkent shahrini ham har tomonlama taraqqiy ettirish, uni yanada goʻzal va obod shaharga, dunyoning yirik megapolislaridan biriga aylantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Xususan, kelgusi besh yilda “Toshkent — yashash uchun qulay yashil shahar”, “Biznes uchun ulkan imkoniyatlar shahri”, “Mintaqaviy investitsiyalar markazi”, “Raqamli poytaxt”, “Bilim va innovatsiyalar shahri”, “Poytaxt – madaniyat va maʼrifat bulogʻi”, “Sogʻlom turmush va sifatli tibbiyot” dasturlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Maʼruzada qayd etilganidek, poytaxtning meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish maqsadida “Yangi Toshkent” konsepsiyasi amalga oshiriladi va shahar sharqiy yoʻnalishga qarab kengaytiriladi. Kelgusi besh yilda 100 ming xonadonli koʻp qavatli energiya tejamkor uylar quriladi. Shu bilan birga, eski ikki qavatli uylar renovatsiya qilinadi.

Nomzod koʻp qavatli turar joylar orasidagi maydonlarda har qanday qurilishga chek qoʻyilishi, “yashil hudud”lar koʻpaytirilishini taʼkidladi.

Toshkentda jamoat transporti va yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish masalalari juda dolzarb. Shu bois, 400 ta zamonaviy avtobus va 700 ta elektrobus olib kelish, 200 ga yaqin yangi avtobus yoʻnalishlari tashkil etish rejalashtirilgan. 500 ta yirik chorrahani «aqlli” tartibga solish, tirbandlik yuqori boʻlgan koʻchalarda 21 ta yoʻl oʻtkazgich qurish choralari belgilangan.

Poytaxtimizdagi 575 ta mahallani rivojlantirish boʻyicha shahar hokimligi huzurida alohida jamgʻarma tashkil etilib, har bir mahallaga 10 milliard soʻmdan ajratilishi maʼlum qilindi.

“Toshkent – biznes uchun ulkan imkoniyatlar shahri” dasturini amalga oshirish orqali kelgusi besh yilda yalpi hududiy mahsulot hajmini 200 trillion soʻmga yetkazib, qariyb 2 barobar oshirish maqsad qilingan.

Xususan, shu davrda umumiy qiymati 14 milliard dollarlik 2 mingga yaqin investitsiya loyihasini amalga oshirish moʻljallangan. Bu 250 mingta yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi.

Qayd etilganidek, Toshkent shahri atrofida “sanoat belbogʻi” tashkil qilinib, Bektemir, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlari yuqori daromad keltiruvchi sanoat tarmoqlariga moslashtiriladi. Yangi texnoparklar, logistika markazlari, bojxona terminallari tashkil etiladi. Shaharda joylashgan barcha bojxona yuk omborlari poytaxt tashqarisiga chiqariladi.

Umuman, ishga tushiriladigan loyihalar hisobiga shahar eksporti 2 barobarga oshirilib, yiliga 2,5 milliard dollarga yetkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda savdo va xizmatlarni yanada rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar borligini taʼkidladi. Bu borada tadbirkorlarga sharoit yaratish maqsadida kelgusi yillarda 4 mingdan ortiq yer uchastkalari onlayn auksion savdolariga chiqarilishi koʻzda tutilgan.

Kelgusi besh yilda xorijdan keladigan mehmonlar sonini 3 million nafarga, turizm xizmatlari hajmini esa 1 milliard dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.

Shuningdek, shahardagi savdo maydonlari 10 barobarga oshiriladi. Mahallalarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yiliga 1 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda poytaxtning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga davlat byudjetidan 70 trillion soʻm ajratiladi.

Axborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida “Raqamli Toshkent” va “Aqlli shahar” dasturlari amalga oshirilishi qayd etildi. Xususan, moliya, tijorat, transport, tibbiyot, taʼlim sohalarida elektron xizmatlar keng joriy etiladi.

“Sogʻlom turmush va sifatli tibbiyot” dasturi doirasida 13 ta yangi oilaviy poliklinika quriladi va 25 ta poliklinika taʼmirlanadi. Koʻp tarmoqli tibbiyot klasterlari tashkil etiladi. Kelgusi ikki yilda poytaxt aholisi uchun davlat tibbiy sugʻurta tizimini joriy etish boshlanadi. Toshkent tibbiyot akademiyasi kapital taʼmirlanib, ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlanadi.

Shuningdek, yangi taʼlim muassasalarini qurish va mavjudlarida oʻqitish sifatini oshirish, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishga qaratilgan rejalar ham qayd etildi.

Uchrashuv ochiq muloqot tarzida davom etdi. Saylovchilar nomzodning dasturini qoʻllab-quvvatlab, qoʻshimcha takliflarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.