Davlatimiz rahbari «Silk road Samarkand» turizm markazi qurilishi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu ulkan majmua Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali boʻyida barpo etilmoqda. Loyihaning qiymati 381 million dollarni tashkil etadi. Bugungi kunda 8 ta mehmonxona, kongress xoll, «Abadiy shahar» karvonsaroyi qurilmoqda. Mehmonxonalarning ikkitasi 22 qavatli, besh yulduzli, qolganlari toʻrt yulduzli boʻladi.
Bu yerda zamonaviy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
— Bizda turistlar kelib tomosha qiladigan bino va obidalar koʻp. Lekin xizmatlar turi kam, sifati past. Bu markazda koʻp tarmoqli xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilishi kerak. Turizm sohasida oʻqiyotgan talabalar shu yerga kelib, amaliyot oʻtashi zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz «Abadiy shahar» karvonsaroyini ham kirib koʻrdi. Bu joy yurtimizning qadimiy shaharlarini eslatadi, xalqimizning meʼmorlik anʼanalari, amaliy sanʼat turlari, milliy taomlar, qadimiy bozorlarimiz koʻrinishini mujassam etadi.
— Bu yerda tariximiz, madaniyatimiz namoyon boʻladi, odamlar bolalari bilan kelib koʻradi. Shuning uchun binolardagi bezaklar, ranglar meʼyorida, milliyligimizga xos boʻlishi kerak. Karvonsaroy hovlisida hunarmandlar rastasi tashkil qilish ham mumkin, — dedi Prezident.