Turkiyaning Istanbul shahrida taekvondo boʻyicha nufuzli xalqaro turnir oʻtkazilayotgani unda Nikita Rafalovich -74 kg vazn toifasida finalgacha yetib borib, kumush medal sohibiga aylangani haqida xabar qilgandik.
Navbatdagi bahslarda esa erkaklar oʻrtasida Dmitriy Shokin barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, musobaqa gʻolibiga aylandi. +87kg vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etgan Shokin avvaliga germaniyalik Chem Unlusoyni, chorak finalda mezbon sportchi Okay Duztepeni, yarim finalda Makedoniya vakili Deyan Gergevskini, hal qiluvchi final jangida esa Verdan Goletsni magʻlubiyatga uchratib, musobaqa gʻolibiga aylandi.
Qizlar oʻrtasida -67 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Nigora Tursunqulova ilk jangida fransiyalik Liza Berneybni, keyin esa Turkiya terma jamoasi sportchisi Xacher Orgarunni, yarim finalda rossiyalik Yuliya Miyus, hal qiluvchi jangda boshqa bir mezbon taekvondochi Mervenur Yevchini magʻlubiyatga uchratib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.
-53 kg vaznli hamyurtimiz Dinora Mamadibragimova rossiyalik Anastasiya Puchkoni, ikkinchi jangida yana bir rossiyalik Diana Sarayevani, chorak finalda esa mezbon sportchi Zehra Dosuchukurni magʻlub etdi. Yarim finalda esa xorvatiyalik Dora Marichga imkoniyatni boy berdi. Natijada u bronza medali sohibi boʻldi.
Shu tariqa, Vatanimiz taekvondochilari «Turkish Open» musobaqasida umumiy hisobda 2ta oltin, 1ta kumush va 1ta bronza medalini qoʻlga kiritishdi.