Xorazm viloyatida xususiy tadbirkorlikni huquqiy himoya qilish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli kredit resurslari hisobiga hududdagi tadbirkorlarning faoliyatlarini kengaytirish va shu asosda yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Urganch tumani «Shermatlar» mahallasida oʻz faoliyatini boshlagan «Egambergan nonlari» oilaviy korxonasi rahbari Nargiza Bekchanova 10 nafar yoshlarni ish bilan taʼminlab, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarib, xalqimiz dasturxoniga yetkazib bera boshladi.
Tadbirkorimiz zamonaviy ilgʻor texnologiyalarga boʻlgan qiziqishi yuqori boʻlganligi sababli zamon talabiga javob bera oladigan 1 milliard soʻmlik texnikalarni xorijdan olib kelib, amaliyotga tatbiq etdi. Mazkur zamonaviy texnologiyalar asosida non pishirish jarayoni jahon standartlariga monand avtomatik ravishda past bosimli gaz yoqilgʻisi hamda zanglamaydigan materialdan maxsus ishlangan non qoliplarida amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi.
Yangi loyiha zamonaviy ishlab chiqarish talablariga javob bera oladi. Ayni paytda korxonada gaz va elektr energiya sarfi 15-20 foizgacha kamaydi, ishlab chiqarish hajmi va turlari 10-15 barobar koʻpaydi. Eng muhimi, ichki isteʼmol bozorini oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirish, mahsulot turlarini kengaytirish, aholini sifatli non va non mahsulotlari bilan taʼminlash va olis qishloq hududlariga issiq non mahsulotlarini oʻz vaqtida yetkazib berish sharoitlari yaratildi.
Sir emas, joylarda rejalashtirilayotgan ulugʻvor islohotlarning hayotga joriy qilinishi bevosita byudjet mablagʻlari bilan bogʻliqdir. Shu maqsadda Xorazm viloyati davlat soliq xizmati organlari xodimlari soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni yigʻish, soliq toʻlovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratmoqdalar.
Ana shunday tadbirlar natijasida mahalliy byudjetga qoʻshimcha mablagʻlar kelib tushishi taʼminlanmoqda.
Gʻayrat BEKCHANOV,
Urganch tumani davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi