Urganch tumanida yangi oilaviy korxona

0
334
marta koʻrilgan.

Xorazm viloyatida xususiy tadbirkorlikni huquqiy himoya qilish, ularni har tomonlama  qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli kredit resurslari hisobiga hududdagi tadbirkorlarning faoliyatlarini kengaytirish va shu asosda yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Urganch tumani «Shermatlar» mahallasida oʻz faoliyatini boshlagan «Egambergan nonlari» oilaviy korxonasi rahbari Nargiza Bekchanova 10 nafar yoshlarni ish bilan taʼminlab, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarib, xalqimiz dasturxoniga yetkazib bera boshladi.

 Tadbirkorimiz zamonaviy ilgʻor texnologiyalarga boʻlgan qiziqishi yuqori boʻlganligi sababli  zamon talabiga javob bera oladigan 1 milliard soʻmlik texnikalarni xorijdan olib kelib, amaliyotga tatbiq etdi. Mazkur zamonaviy texnologiyalar asosida non pishirish jarayoni jahon standartlariga monand avtomatik ravishda past bosimli gaz yoqilgʻisi hamda  zanglamaydigan materialdan maxsus ishlangan non qoliplarida amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi.

Yangi loyiha zamonaviy ishlab chiqarish  talablariga javob bera oladi.  Ayni paytda korxonada gaz va elektr energiya sarfi 15-20 foizgacha kamaydi, ishlab chiqarish hajmi va turlari 10-15 barobar koʻpaydi. Eng muhimi, ichki isteʼmol bozorini oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirish, mahsulot turlarini kengaytirish,  aholini sifatli non va non mahsulotlari bilan taʼminlash va olis qishloq hududlariga issiq non mahsulotlarini oʻz vaqtida yetkazib berish sharoitlari yaratildi.

Sir emas, joylarda rejalashtirilayotgan ulugʻvor islohotlarning hayotga joriy qilinishi bevosita byudjet mablagʻlari bilan bogʻliqdir. Shu maqsadda Xorazm  viloyati davlat soliq xizmati organlari xodimlari soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni yigʻish, soliq toʻlovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratmoqdalar.

Ana shunday tadbirlar natijasida  mahalliy byudjetga qoʻshimcha mablagʻlar kelib tushishi taʼminlanmoqda.

Gʻayrat BEKCHANOV,

Urganch tumani davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.