Urganchdagi Xotira maydoni yohud gujumlar xiyoboni

0
1917
marta koʻrilgan.

Xorazm — har yili dunyoning turli burchaklaridan minglab sayyohlarni oʻziga jalb etuvchi ajoyib manzaralar, qadimiy tarihiy maskanlarga toʻla gʻaroyib  oʻlka! Amudaryo adrlariga yonma-yon joylashgan Urganch shahri esa viloyat oʻtmishi, buguni va kelajagini oʻzida mujassamlashtirgan betakror maskan!

Urganch shahri aeroportidan chiqqan zahoti jahonga tanilgan allomalar – Muhammad al Xorazmiy, Abu Rayxon Beruniy hazratlari ramziy maqbarasi sahnidagi bulutlarga yetgudek shox otgan mahobatli daraxtlar haybati ila yoshi oʻn asrga teng allomalarni ulugʻlab, alqab oʻzbek xalqi tarixi buyukligini ifodalab turadi.

 Avesto va Jaloladdin Manguberdi maydonlari ayni chogʻda ziyoratchilar qadami uzilmaydigan maskanga aylangan. Shovot boʻylari sahnida qad tiklagan koʻkka boʻy choʻzgan daraxtlar, chamandek ochilgan gullar bahri dilingizni ochadi. Mamlakat iqtisodiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan karxonalar, bir-biri bilan boʻylashgan goʻzal binolar, sayyohlarga munosib xizmat koʻrsatayotgan mehmonxonalar  shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshib turadi.

Urganch shahrining qoq yuragida yana bir goʻzal maskan bor.  Xotira maydoni! Matomsaro ona timsoli yonida xoki oʻzga yurtlarda qolib ketgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari – jangchilar xotirasiga  qoʻyilgan yodgorlik– bitiklar ularning nomlarini abadiylashtirib turibdi.  Ana shu yodgorlik atrofida payondozdek toʻshalgan yorqin rangli, xushboʻy turfa gullar, giyohlar bilan bezatilgan gujumlar  vodiysi yaratilgani meni hayratga soldi.

Men unga gujumlar vodiysi deya nom qoʻydim. Qator- qator  ekilgan gujumlar goʻyo abadiy uyquga ketgan shohidlarning qoʻriqchilariga oʻxshaydi. Quyuq bargli daraxt Vatan uchun jon fido qilgan oʻgʻlonlar manzilini oʻzining orombaxsh  soyasi bilan burkagan. Xotira maydoni ezgulik, tinchlik yoʻlida fido boʻlgan yurt farzandlariga mehr-oqibat, sadoqatni ifodalab turibdi.

  Tabiat moʻjizasi  gujum – nafis barglari gurkirab quyuq oʻsuvchi shakli-shamoyili yer sharini, uning dumaloqligini oʻzida ifodalab turuvchi yoshi oʻn asrga teng koʻp yillik oʻsimlik. Goʻzallik timsoli boʻlmish daraxt yomgʻir quyib yogʻsa ham bir tomchi suv ostiga oʻtmaydi. Oftobli kunlarda daraxt osti salqin va orombaxsh boʻladi. Qadimda belanchak va beshiklar undan tayyorlangan. Zero, unda yotgan bolaning umri gujum kabi uzoq boʻlib, elga tayanch, yurtga suyanch boʻlsin, degan niyatlar mujassamlashgan.

Xalqimizning beshikka chaqoloqni belayotganda elga “gujumdek soya, uzumdek meva bersin” degan duolari ham ana shundan kelib chiqqan. Goʻyo gujumlar  manzil makoniga kelgan mamlakatimiz farzandlariga, ziyoratchilarga uzoq umr tilab turgandek… Darhaqiqat, inson qoʻli bilan yaratilgan tabiat moʻjizasi gujumlar vodiysining havosi rohatijon, yam-yashil archalaru gullar  hidi ufurib, dilga, ruhiyatga osoyishtalik bagʻishlab turadi.

Gujumlar vodiysidagi favvoralar bugungi kunda Urganch shahriga koʻrk qoʻshib turgan yuksalish va obodlikning ramzidir. Koʻkka intilib, yana yerga tushib, atrofga orombaxsh salqinlik ulashayotgan tomchilarda quyosh aks etadi. Ular bugungi  shukuhli kunlarimizni insonparvar, eʼzozli qadriyatlarimizni, anʼanalarimimizni  eslatadi.

Shohid ketgan jangchilar xotirasiga bitilgan yodgorlik poyida kelinchakdek bezangan xotira maydoni  Urganch shahriga alohida koʻrk bagʻishlab turibdi.  Oʻzbek xalqining baxtli turmushi, farovonligi va ijodkorligi, tashabbuskorligi timsolidir! Har bahoru kuzda daraxtlarga shakl beriladi, gullar yangilanadi. Ayni kunda yodgorlik qayta taʼmirlanib, unga yanada zeb berilayotir. Taxta oʻymakorligi  sanʼatining namunasi naqshinkor ustunlar, peshayvonlarga qayta ishlov berilib yangidan lak bilan qoplanayapti.  

Bu yerga nomlari bitilgan yurtdoshlarimizning ruhlari osoyishtalik topib, jannat ahli qatoridan joy olishlarida tilakdoshmiz.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.