UWWning belbogʻli kurash turlari boʻyicha qoʻmita raisi Gentautas Vileyta MOQda mehmon boʻldi

0
141
marta koʻrilgan.
UWW (Birlashgan kurash dunyosi) ning belbogʻli kurash turlari qoʻmitasi raisi Gentautas Vileyta Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasida mehmon boʻldi. Martabali mehmonni MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov kutib oldi.
 
 «Kurash bizning milliy sportimiz hisoblanadi. Yurtimizda sportning ushbu turi juda ham rivojlangan. Milliy olimpiya qoʻmitasi noolimpiya sport turlari bilan yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Qolgan sport turlari qatorida belbogʻli kurashni ham rivojlantirishda davom etamiz», — dedi Jasur Matchanov.
 
Oʻz oʻrnida litvalik mutaxassis yana bir bor Oʻzbekistonga kelganidan xursand ekanligini yashirib oʻtirmadi. Gentautas Vileyta kurashning yurtimizda ommaviy ekanligiga alohida urgʻu berdi.
 
«Albatta Olimpiya sport turlarida medal qoʻlga kiritish juda yaxshi. Ammo, oʻzbek xalqi kurashga juda qiziqadi. Bu yerda koʻplab musobaqalar tashkil qilganmiz. Unda koʻplab muxlislar tomoshaga tashrif buyurishadi. Bellashuvlar haqiqiy ajiotajni yuzaga keltiradi», — dedi mehmon.
 
Undan tashqari Gentautas Vileyta belbogʻli kurash koʻplab mamlakatlarda rivojlanayotgani, jumladan, Eronda Navroʻz bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan musobaqada 3000dan ziyod sportchi ishtirok etishi, tomosha qilish uchun esa 100 mingdan ortiq muxlislar kelishi haqida gapirib oʻtdi. Dunyo boʻyicha 200dan ortiq milliy kurash turlari mavjud ekanligi, ularni rivojlantirishda xalqaro dzyudo federatsiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelinayotgani ham mehmon tomonidan qayd etib oʻtildi.
 
Bunga javoban MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov ham dyudoga kurash, belbogʻli kurash sportchilarini jalb etish tizimi Oʻzbekistonda ham yoʻlga qoʻyilayotganini alohida taʼkidladi. Gentautas Vileyta uchrashuv davomida belbogʻli kurash 2024 yilgi Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilishi mumkinligi haqida ham gapirdi.
 
“Olimpiya yoʻnalishidagi yakkakurash sport turlari bilan bir necha million odam shugʻullansa, milliy yakkakurash turlari bilan dunyoda milliardlab odamlar shugʻullanishadi. Xitoy, Hindiston, Pokiston kabi mamlakatlarning ham oʻz milliy yakkakurash sport turlari bor. 2024 yilda Parijda oʻtkaziladigan Olimpiya oʻyinlarida belbogʻli kurashning ayollar oʻrtasidagi bahslari oʻyinlar dasturiga kirishi ehtimoli yuqori. Buning uchun barcha talablar, meʼyoriy hujjatlar bizda tayyor. U katta ehtimol bilan yunon-rum kurashidagi ayollar oʻrtasidagi bahslarning oʻrnini egallaydi. 
Jakartada Osiyo oʻyinlari oldidan koʻrgazmali chiqishlar boʻladi. Undan soʻng esa turnir tashkil etiladi. Oʻsha musobaqada oʻzbekistonlik sportchilarni koʻrishdan xursand boʻlamiz” – dedi soʻzining yakunida UWW mutaxassisi.  
 
Oʻz oʻrnida Jasur Matchanov Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi tashkilot bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini aytib oʻtdi. «Belbogʻli kurashga munosabatimiz ijobiy. Yaqindan hamkorlik qilishga tayyormiz. Bu boradagi takliflarni albatta izchil oʻrganib chiqamiz», — dedi MOQ Bosh kotibi.
 
Uchrashuv yakunida anʼanaga muvofiq mehmonga Milliy olimpiya qoʻmitasining maxsus sovgʻasi topshirildi. Gentautas Vileyta ham qabul uchun minnatdorchilik bildirgan holda Jasur Matchanovga belbogʻli kurashga atab nashr qilingan ensiklopediyani taqdim etdi.
 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.