Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 aprel kuni koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugungi kunda mamlakatimizda 37 ming 402 ta koʻp qavatli uy, ularda 1 million 300 mingdan ortiq xonadon bor. Bu uylarning 68 foiziga shirkatlar, 24 foiziga boshqaruv kompaniyalari xizmat koʻrsatadi, 8 foiz uylar esa mulkdorlar tomonidan umuman boshqarilmaydi.
Uy-joy mulkdorlari shirkatlari 4 ming 430 ta boʻlib, shundan atigi 1 ming 350 tasi yoki 30 foizi yaxshi ishlaydi, xolos. Qolgani oʻrta va ogʻir sharoitda. Oʻrganishlarda aniqlanishicha, toʻlovlar boʻyicha tariflarning norentabelligi, hisob-kitoblarning shaffof emasligi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani muammolarga sabab boʻlmoqda. Koʻp shirkatlar oʻz vazifasini bajarmaydi, buning uchun ularda kadrlar yetishmaydi. Oqibatda xonadon egalarining shirkat va boshqaruv kompaniyalariga ishonchi yoʻqolgan. Badallarning toʻliq yigʻilmasligi tufayli debitorlik qarzdorligi oshib ketgan.
Davlatimiz rahbari koʻp qavatli uylarda yashovchi odamlarni qiynab kelayotgan bu masalaga eʼtibor qaratib, xizmat koʻrsatish tizimini yaxshilash boʻyicha mutasaddilar oldiga vazifa qoʻygan edi.
Shunga muvofiq, chet ellik mutaxassislarni jalb etgan holda joylarga chiqilib, aholi va shirkatlar vakillari bilan fikrlashilib, muammolar chuqur oʻrganildi. Xorij tajribasi asosida koʻp kvartirali uylarga xizmat koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Xususan, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining hududiy boshqarmalari huzurida Koʻp kvartirali turar joy fondini taʼmirlash jamgʻarmasini tashkil etish, uni 35 foiz respublika byudjeti, 35 foiz mahalliy byudjet va qolgan 30 foizini mulkdorlar toʻlovidan jamgʻariladigan mablagʻlar hisobidan shakllantirish rejalashtirilgan.
Hisob-kitoblarning shaffofligini taʼminlash maqsadida boshqaruv tashkilotlari va shirkatlarning elektron reestrini yuritish, har bir koʻp qavatli uyga alohida shaxsiy hisobraqam ochish, uyning xizmat koʻrsatish hududini aniq belgilash, mulkdorlarga hisobot berish tartibini takomillashtirish, hisob-kitoblarga billing tizimini joriy qilish moʻljallangan.
Shuningdek, yangi koʻp qavatli uylar foydalanishga topshirilganidan keyin ikki yil mobaynida quruvchi tashkilot boshqaruvida boʻlishini belgilash, turar joylarni saqlash va undan texnik foydalanish qoidalarini ishlab chiqish ham talab etilmoqda. Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlar xodimlarini oʻqitish tizimini tubdan takomillashtirish ham nazarda tutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sohani tubdan takomillashtirib, xizmat koʻrsatish boʻyicha zamonaviy tizim yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi. Koʻp qavatli uylarni qurishdan oldin xizmat koʻrsatishni oʻylash, turar joylar fondi va hududini oqilona saqlash kerakligini taʼkidladi.
Taʼmirlanadigan uy-joylar qamrovini kengaytirish, boshqaruv kompaniyalari va shirkatlar uchun malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi. Moliya vazirligiga belgilangan chora-tadbirlar uchun mablagʻ ajratish vazifasi qoʻyildi.