Mansur Yunusovni talabaligidan taniyman. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashini jamoatchilik asosida boshqarganimda mehnat faoliyatini shu yerda boshlagandi. Oʻshanda shahar kengashida ishlovchi partiya xodimlarining aksariyati yoshlar edi.
Ular orasida Mansurjon oʻzining tirishqoqligi, mehnatkashligi, izlanuvchanligi bilan ajralib turardi. Mana shundan buyon oʻn olti yil oʻtdi. Oʻtgan davr ichida “ustoz” deya yoʻqlab, maslahatlashib turishni kanda qilmadi. Men uni yutuqlarini koʻrib, kuzatib hamisha ishonchimizni oqlaganidan xursand boʻlardim.
Oʻtgan davrda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir va jurnalist, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori sifatida el-yurtga tanildi.
Yosh ijodkor «Tong sabolari», «Tafakkur marjonlari», «Mangu lahzalar», «Koʻngil navolari» nomli sheʼriy kitoblar, monografiya va uslubiy qoʻllanmalar muallifligi uning tirishqoqligi, keng mushohada sohibi ekanligidan darak beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi dotsenti, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Mansur Yunusov yaqinda Qozogʻistonning “Abay” medali bilan taqdirlandi. U har safar quvonchlarini ulashadi, yangiliklarini toʻlib-toshib gapiradi. Uzoq suhbatlashamiz. Bu safar telegramm orqali quvonchini bildirdi.
Mansur Yunusov 1982 yil Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tugʻilgan. 2005 yil Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. Ana shunda u partiyamizga ishga kelgan edi. Partiyamizning Sobir Raximov nomidagi tuman kengashini ham boshqardi. (Bugungi Olmazor tumani).
2011-2017 yillarda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi boʻlim boshligʻi, 2017-2018 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Davlat maslahatchi xizmati yetakchi konsultanti, 2018-2019 yillarda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijro apparati Maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻlimi mudiri, 2019 yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi “Maʼnaviyat va maʼrifat” kafedrasi katta oʻqituvchisi (PhD) sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Mansurjonni Vatan mustaqilligining 30 yilligi arafasidagi shodiyonasi — “Abay” medaliga sazovor boʻlgani bilan tabriklaymiz.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist