Keyingi paytda IT (infarmatsion texnologiyalar) kuchayib, barcha sohaga kirib kelmoqda. IPO yaʼni Initial Public Offering ushbu jarayonning bir koʻrinishi boʻlib, birlamchi ommaviy taklif degan maʼnoni anglatadi. Kompaniyalar oʻz aksiyalarini birinchi marta keng jamoatchilik uchun sotuvga chiqarishini bildiradi.
Xalq IPOsi deganda esa kompaniya aksiyalari chet ellik investorlarga emas, birinchi navbatda mahalliy aholi uchun savdoga qoʻyilishi nazarda tutiladi. Aholimiz soni, uning moliyaviy savodxonligi oshib borayotganini hisobga olsak, hissadorlar kelishgan holda kompaniyalarning bir qismini millionlab ulushlarga boʻlib, chakana (retail) investorlarga pullashi – yuz minglab dollar “arzon pul”ni olib keladi.
Oʻzbekistonda Xalq IPOsi bormi oʻzi? Oʻzbekiston tarixida birinchi marta “Kvars” AJ 2017 yil dekabrida “Toshkent” fond birjasida IPO oʻtkazgan. Shundan keyin “Jizzax plastmassa” AJ ham aksiyalarini ochiq ravishda fond birjasiga joylagan. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotida davlat ishtirokini qisqartirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirish, samarasiz ishlayotgan va istiqbolsiz korxonalarni tugatish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2023-yil 24-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 102-son qarori imzolandi. Qarorga muvofiq: aksiya paketlari “bitta aksiya — bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsini oʻtkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladigan 40 ta yirik korxonalar aksiyalari savdoga chiqarilishi belgilandi.
Albatta, bu mahalliy qimmatli qogʻozlar bozorining ildamlashiga turtki boʻladi. Oʻzbekistondagi kapital tanqisligi koʻpchilik ishbilarmonlar ham, top menedjerlar ham chuqur anglaydigan haqiqat.
Hozirda “E-auksion” savdo platformasidan 1,5 mln.nafar foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtgan. Aksiyalarni sotib olishda ““E-auksion” ” elektron savdo platformasida xalqning barcha qatlamlari uchun soddalashtirilgan va teng sharoitlar yaratilgan. Mahalliy investorlarga ““E-auksion” ” elektron savdo platformasi, shu jumladan mobil ilovasi orqali real vaqt rejimida ularni identifikatsiya qilish, investitsiya vositachilari bilan shartnoma tuzish va depo hisob raqamini ochish imkoniyati yaratiladi.
Aksiyalarni sotib olish uchun elektron arizalar mahalliy investorning oʻzi tomonidan yoki investorlar nomidan harakat qiluvchi investitsiya vositachisi orqali berilishi mumkin boʻladi.
Onlayn auksionlar yakunlariga koʻra oldi-sotdi shartnomalari qimmatli qogʻozlar savdolari tashkilotchilarining savdo maydonchalaridan tashqarida roʻyxatdan oʻtkaziladi va uning natijasi toʻgʻrisidagi maʼlumot investorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
IPOlar sarmoya qiluvchi odamlar uchun nima beradi? IPOlar ortidan yirik, daromadli va barqaror kompaniyalarni tanlab, ularning aksiyalarini sotib olish odamlarga pul yigʻish imkoniyatini beradi. Oʻzbekistonda pul odatda chorva mollari, AQSH dollari yoki tilla buyumlar koʻrinishida yigʻiladi. Yoki bankka depozit qilib qoʻyiladi. Bank depozitlari yiliga qayta moliyalash stavkasini hisobga olgan holda omonatlarni foizi bilan toʻlaydi. Biroq aksiyalarga uzoq muddatga pul tikishda murakkab daromad degan imkoniyat boʻlib, biznes rivojlanishi, ulushlarga boʻlgan talab oshishi tufayli investitsiyalar eksponensial (shiddatli, toʻxtovsiz) oʻsib borishi mumkin.
M.Ishchanov, “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Xorazm viloyatining hududiy vakili