Toshkent shahridagi 110 maktab oʻquvchilari poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi uy-muzeyiga borishib, bir olam taassurotlar olib, zavq-shavq bilan qaytishdi. Bularning barini ularning hikoyalari, telefonga olgan suratlari asosida yozdim. Oʻzim ham barcha nevaralarimni olib borishni oʻylab qoʻydim.
Moʻjazgina hovlida qovokning 50dan ortiq turi oʻstiriladi Ularning biri– tomosha qovoqdan yasalgan qoʻgʻirchoqlar, guldonlar, rassomlik asarlari, milliy musiqa asboblari, oshxona idish-tovoqlaridan iborat gʻaroyib koʻrgazmasining ijodkordalari Dildor va Baxtiyor Pulatovlarning ahil oilasidir. Bir umr fizikadan dars berib ustozlik maqomiga erishgan muallimlar nafaqaga chiqqach uyda xalqona pedogogikani rivojlantirishga munosib hissa qoʻshishni niyatlashdi.
Uch qizni ulgʻaytirib uyli joyli qilgan bu oila kichkinagina hovlisida qovoq yetishtirib, va ulardan sanʼat asarlari yaratib ijod bilan shugʻullana boshlashdi. Shunday qilib tomosha qovoqdan uy –muxeyi vujudga keldi Endilikda moʻjazgina hovli gavjum. Xonadon eshigi tong saharlab ochiladi va qorongʻi tushguncha koʻrgazmaga kelgan bolalar bilan gavjum boʻladi.
Bolalar bu yerda nafaqat qovoq oʻstirilayotgan bogʻ-rogʻlarni, qovoq koʻrgazmalarini tomosha qilishadi. Balki, bolalar vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun tadbirlar uyushtiriladi. Kichkintoylar bu yerda qoʻgʻirchoq tomoshalarini kuzatib, ertaklar eshitishi va oʻzlari ham qoʻgʻirchoqni ishlatib koʻrib, ertak aytish bahslarida qatnashishi mumkin. Yoki tomosha qovoqdan yasalgan rubob va doiralarni chalib oʻzini atrofidagilarni xushnud qilishi mumkin. Shuningdek koʻrgazmaga keluvchi bolalar uchun mahorat maktabi ham tashkil etiladi. Unda tomosha qovoqdan va tashlab yuboriladigan narsalardan yangi goʻzal asar- kartinalar tayyorlashga oʻrgatiladi.
Sogʻlom turmush tarziga undovchi musobaqalar ham tashkil etiladi. Boshiga tomosha qovoqdan yasalgan kuzani suvga toʻldirib, tagiga likobcha qoʻyib, qaddini tik tutib yurishga oʻrgatiladi. Eng uzoq masofoga yurgan gʻoliblar ragʻbatlantiriladi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3 avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan boʻlgan uchrashuvdagi maʼruzasi hamda sohani rivojlantirish, soha xodimlarini ragʻbatlantirish maqsadida qabul qilingan muhim hujjatlar ijod ahlini, xususan, bizlarni ham ruhlantirdi, yangi va sermazmun asarlar yaratishga undamoqda. Eng asosiysi nafaqada yurganda ham oʻz kasbimiz bilan shugʻullanayapmiz. Hamisha bolalar davrasidamiz, – deydi uy-muzey sohibi Baxtiyor Poʻlatov.
– Ijod – bu koʻngil ishi. Unda nafaqat muallifning, balki tomoshabinning ham tuygʻulari, qarashlari aks etadi. Ana shu hissiyotlar uchrashgan, uygʻunlikka erishgan manzil tomoshabin qalbidir. Bolalarning hovlimizga kelib yayrab oʻynashayotganlarini koʻrganimizda qalbimiz gʻururu shukuhga toʻladi. Umrimiz bolalar orasida oʻtdi. Nafaqada bolalarning zavqi-shavqisiz yuragimiz kemtik boʻlib qolardi. Yangi yoʻnalish topganimizdan taʼlim-tarbiya ishlariga munosib hissa qoʻshayotganimizdan, hovlimizda bolalarning qoʻngʻiroqdek ovozi doimo yangrab turganidan biz ham bahtiyormiz. – deydi uy sohibasi Dildora Poʻlatova kelgan mehmonlarga oʻz minnatdorchiligini bildirayotib.
Bu yerga kelgan nevaram Navroʻz Saʼdullayev poʻkak, tomosho qovoq va boshqa narsalardan yasalgan kartinasini koʻrsatib, oʻz ijodidan mamnun boʻldi. Sinfdoshlarining biri koʻgʻirchoqlarni oʻynatib, ertaklar soʻzlaganini gapirsa, biri qaddini gʻoz tutib yurishda eng uzoq masofoga bora olganligini zavq-shavq bilan gapirardi. Yana biri oddiy qovoqdan sanʼat yaratilishi moʻjizalaridan olgan taassurotlarini ifodalashga intilardi.
Ha oddiy qovoqni sanʼat darajasiga olib chiqqan Poʻlatovlar xonadonidagi moʻjazgina uy-muzey bolalarga ezguliklar ulashmoqda. Nafaqada ham oʻz oʻrnini topa olgan oila uchun olam-olam quvjnch bagʻishlamoqda. Bularni kuzatib, intiluvchan inson har qanday yoshda ham ijod qilib oʻz oʻrnini topa olishi mumkinligiga yana bir bora amin boʻlish mumkin.
R. Zaripova